O‘zbek limoni: Po‘sti shirin, dorivor va eksportbop yangi nav (+video)
O‘zbekistonda mahalliy iqlimga mos, ekologik toza yangi sitrus meva navi yaratildi. Uning noyob xususiyatlari nafaqat eksport bozorida, balki boshqa sohalarda ham katta istiqbol va’da qilmoqda.
Limonning “Lazzat” navini Toshkent davlat agrar universiteti Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi fakulteti olimlari rektor - Narzulla Oblomurodov boshchiligida Ilmiy o‘quv tajriba xo‘jaligida yaratib, ishlab chiqarishga tatbiq etishmoqda. Bunda sitrus mevalarda uzoq yillardan buyon chuqur ilmiy izlanishlar olib borayotgan kafedra professori Muhammadaziz Faxriddinovning katta hissasi bor. Ustoz va shogirdlarning bir necha yillik ilmiy tadqiqotlari natijasida yaratilgan ushbu meva O‘zbekiston iqlimiga mos keldi va kimyoviy ishlov berishni talab qilmaydigan ekologik toza mahsulot sifatida xorijiy davlatlarga eksport qilish imkoniyatlari yuqori. Po‘sti qalin va uzoq yurtlarga olib borilganda o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi.
–Ushbu meva Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi kafedrasida yaratildi. Maqsadimiz seleksion yaratilgan yangi navlarni ishlab chiqarishga tatbiq etish, –deydi kafedra professori Muhammadaziz Faxriddinov. – Juda ko‘plab limon navlari yaratilyapti va har bir yaratilgan seleksion navlarning o‘z o‘rni bor. Masalan, ularning qaysidir bir navi eksportbop bo‘lsa, qaysidiri qayta ishlashga mos keladi, boshqasi ichki bozorga to‘g‘ri keladi. Biz yaratayotgan navlarimizning hattoki po‘sti ham shirin. Farmatsevtikaga dori tayyorlashda ham qo‘llasa bo‘ladi. Olmada 0.003 % pektin bo‘lsa, yangi “Lazzat” navining po‘stida 0.89% pektin moddasi bor.
Davomi quyidagi videohavolada.
Sanjar Toshpo‘latov,
Oybek Davronov,
Ulug‘bek To‘xtayev,
O‘zA