O‘zbek boksining kelajak yulduzlari kashf etildi
Buxorodagi Olimpiya zaxiralari kolleji majmuasida boks bo‘yicha 2004-2005 yillarda tug‘ilganlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga yetdi.
Joriy yilning 10 oktyabrida boshlangan murosasiz janglar natijasida 362 ta charm qo‘lqop ustasi orasida saralangan iste’dodli yosh bokschilar 13 ta vaznning oltin medalini qo‘lga kiritish uchun final musobaqasida bahslashdi.

Aytish lozimki, mazkur chempionat sportchilarning texnik va taktik hatti-harakati, usullarni bajarish, janglarni olib borish jihatidan hamda musobaqalar o‘tkaziladigan majmuaning xalqaro talablar darajasida jihozlanishi, har bir jangga bokschilarning kirib kelishi va boshqa jihatlari bilan jahon birinchiliklaridan qolishmaydigan tarzda o‘tkazildi.

O‘zbekiston chempionatining 13 vaznidagi deyarli barcha saralash musobaqalari, chorak va yarim final janglari go‘yoki chempionlik uchrashuvi tarzda o‘tganligi tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi.

So‘nggi natijalarga ko‘ra, 48 kg.da buxorolik Miralijon Mavlonov finalda Humoyunmirzo Abdurasulov (Farg‘ona OZK)ni, 51 kg.da surxondaryolik Xo‘janazar Nortojiyev Muhammadjon Abdullayev (Farg‘ona)ni, 54 kg.da andijonlik Abduvali Bo‘riboyev Sayat Ilyasov (Chirchiq OZK) ni, 57 kg.da Baxtiyor Asadov(Buxoro) Mirkomil Sayitoxunov (Andijon OZK) ni, 60 kg.da Suhrob Aminov (Qoraqalpog‘iston) Zabardast Hayotov (Buxoro)ni, 63,5 kg.da Javohir Ummataliyev (Dinamo) Husan Turdaliyev (Toshkent viloyati)ni, 67 kg.da Fazliddin Erkinboyev (Namangan OZK) Shavkatjon Boltayev (Chirchiq OZK)ni, 71 kg.da Alisher Ayupov (Buxoro) To‘rabek Habibullayev (Toshkent viloyati)ni, 75 kg.da Javohir Mirzajonov (Toshkent) Rahmatillo Boymatov (Namangan) ni, 80 kg.da Abdulaziz Abdurahmonov (Andijon OZK) Samandar Jalolov (Dinamo)ni, 86 kg.da Jamoliddin Qozoqov (Andijon) Ozod Shodiyev (Toshkent viloyati) ni, 92 kg.da Aynazar Kenesbayev (Qoraqalpog‘iston) Elyor Jo‘rayev (Namangan OZK)ni va +92 kg.da Ravshan Soliyev (Buxoro) Muhammad Fayzullayev (Buxoro)ni mag‘lubiyatga uchratib, O‘zbekiston chempioni, degan sharafli nomga musharraf bo‘lishdi.

Chempionat bahslarini bevosita o‘nlab mamlakat chempioni bo‘lgan taniqli sportchilar, xalqaro darajadagi boks murabbiylari, xususan, ikki karra jahon chempioni va olimpiya o‘yinlari sovrindori Abbos Atoyev, olimpiya o‘yinlari g‘olibi Fazliddin G‘oyibnazarov, boks bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam, bir necha jahon chempionatlarida referelik qilgan Mirsolix Sagatov kabi mutaxassislarning kuzatib borganligi yosh charm qo‘lqop ustalariga o‘zgacha shijoat bag‘ishladi.

–O‘zbek boksining navqiron vakillari ishtirokidagi musobaqalar har jihatdan yuqori saviyada tashkil etildi. O‘tkazilgan janglar tomoshabopligi bilan alohida ajralib turdi. Iqtidorli yoshlarimiz boksning jozibali usullarini namoyish qilishdiki, budi sportning, boksning san’at darajasidagi ijrosi, deyish mumkin. Qaniydi, bu janglarning barchasini video tasmalarga muhrlab qo‘yishning imkoniyat bo‘lganida,zo‘r ish bo‘lardi. Aynan mazkur musobaqa tasvirlarini bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya kollejlarining boks bo‘limi tarbiyalanuvchilariga namoyish etgan holda dars o‘tish ham mumkin edi. Bu, tayyor video qo‘llanma bo‘lib xizmat qilardi. Yana bir jihatni aytish lozimki, Buxoro ringlarida ko‘rinish bergan ushbu yoshlarimiz orasidan yaqin kelajakda jahon boksining yorqin vakillari yetishib chiqishiga shubha yo‘q. Boisi, ularning shaxdi ancha balandligi, ringning barcha burchaklarini nazorat qilgan holda yaqin va uzoq masofadagi harakatlari shundan dalolat bermoqda,–deydi Toshkent viloyati boks federatsiyasi ijrochi direktori Sodiqjon Xidirov.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobidan eng ko‘p medallar jamlanmasiga ega bo‘lgan Buxoro jamoasi 1-o‘rinni, andijonliklar 2-o‘rinni va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari esa 3-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston chempionatining g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA