O‘zbegim tojik bilan...
Do‘stu qardoshdir azaldan o‘zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan o‘zbegim tojik bilan.
Ardoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning bu so‘zlari qanchalar chin ekani barchaga ayon. O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi qadrdonlik necha ming yillik tarixga ega. Azaliy do‘stlik so‘nggi yillarda kunma-kun mustahkamlanib borayotgani ham ayni haqiqat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning o‘zaro mintaqaviy hamkorlik yo‘lidagi siyosiy irodasi bilan bugun ikki xalq azaliy bir qalbga birlashganini tasdiqlamoqda. Ko‘ngillar shod, maqsadlar ezgulik yo‘lida mustahkam.

Shu kunlarda mamlakatimizda davom etayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” doirasidagi tadbirlarda ikki xalq orasidagi birodarlik yana bir karra yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Mazkur bayram doirasida o‘zbek va tojik xalqlarining boy madaniy merosini namoyish etishga qaratilgan bir qator tadbirlar amalga oshiriladi. “Navro‘zi olam” nomli uch avlod uchrashuvi, O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokidagi “Do‘stlik kechasi” gala-konserti, tasviriy san’at ko‘rgazmalari hamda teatr jamoalarining sahna asarlari namoyishi shular jumlasidandir.

Kino ixlosmandlar bayram kunlari Tojikiston kinematografiyasi ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Haqiqat izlab”, “Hayot go‘zal”, “Jo‘ra sarkor” kabi bir nechta filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bayram kunlari “O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va Tojikiston Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2026 – 2027-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik bo‘yicha tadbirlar rejasi” loyihasi imzolanadi.
Mazkur hujjat ikki davlat o‘rtasida madaniyat, san’at, teatr sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, o‘zaro madaniy aloqalarni har tomonlama kengaytirishga xizmat qiladi.

Ikki qondosh va jondosh xalqning yozuvchi va shoirlari, taniqli ijodkorlari, olim va ziyolilari bugun, 23-mart kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosida jam bo‘ldilar. Bu yerda “Navro‘zi olam” deb atalgan uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida tashkil etilgan ”Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” nomli foto ko‘rgazmasidan so‘ng davra suhbatlari boshlandi. Unda ikki xalqning adabiy-madaniy merosi, zamonaviy ijodiy jarayonlar va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon, Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nozim Qosim so‘zga chiqib, O‘zbekiston va Tojikiston adabiy aloqalarini yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladilar.
Tadbirda ishtirok etgan taniqli adiblar, yosh ijodkorlar hamda adabiyotshunos olimlar ikki mamlakat milliy adabiyotining bugungi rivoji, an’ana va zamonaviylik uyg‘unligi, yosh avlod tarbiyasida badiiy so‘zning o‘rni kabi dolzarb mavzular yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar bunday tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlab, kelgusida ham hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
“Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” Toshkentda va mamlakatimizning qadimiy kenti Samarqand shahrida davom etadi.
M.RAMAZONOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi rahbari.
O‘zA