O‘zA xodimlari Samarqandga sayohat qildi (+video)
Samarqand kun sayin sayyohlar bilan gavjum bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, bayram va dam olish kunlarida ko‘chalar yurtimizning turli hududlaridan kelgan avtobus va mikroavtobuslar, yengil mashinalar bilan to‘lib-toshmoqda.
Poyezdga chipta topish muammoligini aytmasak ham yaxshi bilasiz, tezyurar poyezdlarga 10-15 kun oldin chipta buyurtma qilib qo‘ymasangiz yoki sotib olmasangiz bo‘lmaydi. Shahar va shahar atrofidagi yo‘llarda harakatni tartibga solib turish uchun har bir chorraha, tarixiy obida, restoran va oshxonalar oldida yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari tunu kun xizmat olib borayotgani ham bejiz emas – transport harakati juda tig‘iz. Tarixiy obidalarga borsangiz, chipta olish uchun navbat hosil bo‘lganini ko‘rasiz. Oshxonalarga ham avvaldan buyurtma qilmasangiz, ma’lum vaqt bo‘sh joy kutib qolishingizga to‘g‘ri keladi. Imom Buxoriy majmuasi atrofida 6 ming avtomashinaga mo‘ljallangan avtoturargohlar tashkil etilgan, ammo dam olish kunlari borsangiz shu yerda ham avtomashina uchun joy topish qiyinligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ammo hech kim sayohatga kelib, afsuslanayotgan emas, ko‘rgan-kechirganlaridan hayrat va va havasi oshib, Samarqandga yana kelish istagi bilan o‘z uyiga qaytmoqda.
Bu hammasi yurtimizda turizmning rivojlanayotgani, xorijliklarning O‘zbekistonga intilayotgani, yurtdoshlarimizning esa sayohat qilish, hordiq chiqarishga imkoniyati bo‘layotgani natijasi desak, xato aytmagan bo‘lamiz.
Yakshanba kuni Samarqandga kelgan sayyohlar orasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA vakillari ham bor edi.
[gallery-28722]
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan sayohat ishtirokchilari Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Amir Temur xiyoboni, “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik markazi va boshqa tarixiy obidalar, diqqatga sazovor maskanlarni minglab sayyohlar qatorida ziyorat qildilar.
– Samarqandga ko‘p kelganmiz, tarixiy maskanlarni ziyorat qilganmiz, lekin bunchalik katta oqimdagi sayyohlarni ko‘rmaganmiz, – deydi uzoq yillik tajribaga ega ustoz jurnalist Irismat Abduxoliqov. – Faqatgina Samarqand shahri emas, bugun tumanlar ham turistlar bilan gavjumligiga guvoh bo‘ldik. Masalan, Urgutdagi tog‘ bag‘rida joylashgan Teshiktosh, – bundan besh-olti yil avval Taxtiqoracha dovoniga chiqayotgan yoki shu dovon orqali o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar mashinadan beparvogina qarab o‘tadigan joy edi. Bugun qarang, atrofida o‘tovlar, arg‘imchoqlar, turli xil o‘yin qurilmalari o‘rnatilibdi, dam oladigan, sayyohat qiladigan joyga aylanibdi. Mana shu yo‘lda inspektorlar harakat xavfsizligini ta’minlab turibdi. Bu bir oddiy tabiat mo‘’jizasi uchun shuncha odam bu maskanga talpinyapti. Registon, Amir Temur maqbarasi va yangidan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasidagi sayyohlarning ko‘pligi esa kishini qalbini faxr va iftixorga to‘ldiradi, albatta. Shaxsan menda shunday bo‘ldi.
Darvoqe, Urgutga borgan agentlik xodimlari Dehqonbod mahallasida o‘zlarining rahbarlari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdusaid Ko‘chimov kutubxonasini ham borib ko‘rishga qaror qildilar. Ustoz jurnalist ushbu ziyo maskanining bunyod etilishi va ayni paytda qishloq ahli uchun chinakam ma’rifat o‘chog‘iga aylanganini gapirib berdi.
[gallery-28721]
– O‘z uyini kutubxona sifatida mahalladoshlari uchun doim eshigi ochiq maskanga aylantirgan Abdusaid akaga havas qildim, – deydi O‘zAning sobiq xodimi, jizzaxlik faxriy jurnalist Toshqul Beknazarov. – Ustoz jurnalist minglab kitoblarini shu yerga keltirib, undan barcha foydalanishi uchun imkoniyat yaratibdi, bu ibratga loyiq ish albatta. Qani endi, har bir mahalla, qishloqda shunday ziyo maskanlari bo‘lsa.
Sayohatning asosiy manzili – Imom Buxoriy majmuasi ziyorati chog‘ida jurnalistlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan qadamjo juda ulug‘vor obidaga, chinakat ma’rifat maskaniga aylanganiga guvoh bo‘ldilar.
– Prezidentimiz bu muazzam obidaning loyihasini ishlab chiqishdan boshlab, poydevori qo‘yilib, bunyodkorlik ishlari olib borilishi va pardozlash ishlari, hududni obodonlashtirish masalalarigacha o‘zlari kelib ko‘rganlari haqida axborotlar berganmiz va bu jarayondan doimiy xabardor bo‘lganmiz, – deydi O‘zA bo‘lim boshlig‘i, Agentlik boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Ochil Hazratov. – Bugun o‘zimiz kelib ko‘rdikki, bejiz bu inshoot besh yil davomida qurilmagan ekan, bu yerdagi har bir ustun, ayvonlar, 10 ming kishilik ulkan masjiddagi har bir bezak, bitiklar nozik did, yuksak bilim va salohiyat bilan yaratilganiga ishonch hosil qildik.
Imom Buxoriy jome masjidi noibi Ziyovuddin Rahimovning aytishicha, har kuni minglab yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar majmuani ziyorat qilmoqda, hatto, tunda ham ziyoratgoh eshiklari yopilmas emas. Ziyoratgoh bo‘ylab tunu kun Qur’on oyatlari yangrab turadi. Masjiddan taralayotgan azon ovozi esa odamlarni faqat namozga emas, ilm-ma’rifatga chorlamoqda.
Samarqandni tomosha qilish, muqaddas qadamjolarga borish uchun bir kun kamlik qiladi, albatta. O‘zA xodimlari ham bu qadimiy kent, o‘zidan ziyo taratib turgan zaminga yana kelish niyatida ortga qaytdilar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IP3cKCXA7Wc" title="«O`zbekiston bo`ylab sayohat qil!» dasturi amalda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov,
Nosirjon Haydarov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA