O‘tmishdan so‘zlovchi ma’naviyat maskani
Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi xalqimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari va ma’naviy merosini o‘zida mujassam etgan maskanlardan biri. Unda saqlanayotgan noyob osori-atiqalar, qadimiy qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar va san’at asarlari ajdodlarimizning hayoti, madaniyati hamda dunyoqarashidan hikoya qiladi.
Uzoq tarixga ega muzey bugun tarixiy merosni asrab-avaylash, ilmiy o‘rganish va keng targ‘ib etish, shuningdek, milliy qadriyatlarni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim ilmiy-ma’rifiy muassasa sifatida faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda muzey fondida 156 mingdan ziyod eksponat saqlanadi. Shundan 50 mingdan ortig‘ini qamrab olgan arxeologiya bo‘limida ilk paleolit davridan XV asrgacha bo‘lgan tarixni yorituvchi topilmalar jamlangan. Dalvarzintepa, Eylatan va Mingtepa kabi qadimiy manzilgohlardan topilgan ashyolar Andijon vohasining qadimgi tarixi va madaniy taraqqiyotini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.
Muzeyning qo‘lyozmalar fondida 1,5 mingga yaqin nodir qo‘lyozma va toshbosma kitoblar mavjud. Ularda tarix, tabobat, fiqh va boshqa sohalarga oid qimmatli ma’lumotlar jamlangan.
[gallery-31921]
Shuningdek, muzey xazinasidan mingdan ziyod rangtasvir va grafika asarlari, haykaltaroshlik namunalari hamda milliy hunarmandchilik buyumlari o‘rin olgan. Kulolchilik, kashtachilik, zargarlik va yog‘och o‘ymakorligi namunalari xalqimizning yuksak badiiy didi, boy ijodiy salohiyati va asrlar davomida shakllangan hunarmandchilik an’analarini namoyon etadi.
Keyingi yillarda muzeyda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay sharoit yaratish, ekspozitsiyalarni namoyish etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA