OTM bitiruvchilari mehnat bozorida: ish, daromad va bandlik indeksi(+video)
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Bitiruvchilar sifati indeksi” natijalari taqdim etildi. Unda 249 432 nafar bitiruvchining natijalari tahlil qilingan.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi respublika miqyosidagi 170 ta oliy ta’lim tashkiloti bo‘yicha bitiruvchilarning natijalarini tahlil qildi. Tahlil doirasida bitiruvchilarning mehnat bozoriga chiqishi uchun qancha vaqt talab etilishi, ularning qaysi qismi barqaror bandligini saqlab qolishi va o‘rtacha rasmiy daromadlari qanday ekani o‘rganilgan.
Bitiruvchilarning eng katta kontingenti Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 80 742 nafar bitiruvchini tashkil etadi. Bu respublika jami bitiruvchilarining qariyb 1/3 qismiga teng. 2024/2025-o‘quv yili yakunlari bo‘yicha tayyorlangan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi natijalari va Bitiruvchilar sifati indeksi” axborot-tahliliy sharhida bitiruvchiga ish topish uchun qancha vaqt kerakligi, uning bandligi qanchalik barqarorligi va Oliy ta’limni tamomlagandan so‘ng u qancha daromad olishi kabi savollarga javob berilgan.
Indeks bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalarini ishga joylashish tezligi, bandlik barqarorligi, daromad darajasi va bandlik shakli kabi to‘rtta asosiy ko‘rsatkich orqali kompleks baholash imkonini beradi. Shuningdek, tadbir davomida bitiruvchilarning respublika bo‘yicha o‘rtacha rasmiy oylik daromadi, bitiruvchilar sifati indeksida qaysi yo‘nalish bitiruvchilari yetakchi ekanligi haqida to‘liq ma’lumotlar berib o‘tildi. Bu kabi aniq ma’lumotlar ta’lim tashkilotlarida sifatli ta’lim tizimini tashkillashtirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA