O‘tkir Hoshimov asarlari turk tilida
2020 yil 2 dekabrda Prezidentimizning “O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Ushbu hujjatda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli adib va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalash borasidagi ulkan ahamiyati ta’kidlanib, adib tavalludining 80 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar rejasida adibning qoraqalpoq, rus va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilingan asarlarini nashrga tayyorlash va chop qilish ham belgilab qo‘yilgandi.
Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida bugun Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham bir qator ishlar qilinyapti. Universitetning Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi dotsenti, tarjimon Xayrulla Hamidov va uning shogirdlari tomonidan adibning bir qancha mashhur hikoyalari va asarlaridan parchalar turk tiliga o‘girildi. Bu asarlar “Ötkir Haşimov. Seçme Hikâyeler” (“O‘tkir Hoshimov. Tanlangan hikoyalar”) nomi ostida chop etildi. Kitobga universitet rektori G.Rixsiyeva so‘zboshi yozgan, deya xabar bermoqda uyushma matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, universitetda “Ustoz-shogird” an’anasi asosida amalga oshirilayotgan ijodiy ishlar maqtashga arzigulik. Kitobga Xayrulla Hamidov shogirdlarining tarjimalari ham saralab olingani buning yaqqol isbotidir. Xususan, kitobdan so‘z ustasining “Yanga”, “Tasodif”, “Urushning so‘nggi qurboni”, “Baxt”, “G‘aroyib sayohat” va boshqa hikoyalari, shuningdek, mashhur “Dunyoning ishlari” va “Daftar xoshiyasidagi bitiklar” nomli asarlaridan parchalar, adib asarlarida bot-bot qo‘llanilgan purma’no hikmatli so‘zlarining turkcha tarjimalari o‘rin olgan.
Ushbu kitob Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ijodiy jamoasining adib tavalludining 80 yilligiga kamtarona tuhfasidir.
Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib va jamoat arbobi O‘tkir Hoshimov 1941 yilning 5 avgustida Toshkent shahrida tavallud topgan.
D.Mamatova,O‘zA