O‘tgan yil 17,6 ming nafar samarqandlik o‘qituvchi attestatsiyadan o‘ta olmadi
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish, pedagog kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan 62 ming nafar pedagog xodimlarning 6900 nafarga yaqini (11 foizi)ni oliy toifali, 11 ming 782 nafari (19 foizi)ni birinchi toifali o‘qituvchilar tashkil qilmoqda.
Shu bilan birga mutaxassis toifasidagi pedagoglar 21 ming 626 nafar (35 foiz) va toifasizlar 6868 nafar (11 foiz) qolmoqda.
Bu ko‘rsatkichlar pedagog kadrlarning salmoqli qismi kasbiy rivojlanish jarayonida ekanini, shu bilan birga, toifalarni oshirish va malaka darajasini yuksaltirishga ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatadi.

– Bugun o‘qituvchining jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi, unga munosabat o‘zgardi, – deydi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev. – Bu faqat so‘zda emas, amalda pedagoglarni ijtimoiy muhfaza qilish, moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda ham o‘z aksini topmoqda. Faqat bunda ko‘p narsa o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq bo‘lmoqda, ya’ni doimiy izlanishda bo‘lgan, bilimli, tajribali va hayotini maktabga, o‘quvchilarga bag‘ishlagan muallim davlatimiz rahbari aytganidek, 1000 dollardan ortiq maosh olyapti, bir qator imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanmoqda. Ilgari o‘qituvchi 5 yilda bir marta attestatsiya topshirardi va undan muvaffaqiyatli o‘tsa, toifasi oshardi. Endi esa istagan paytida attestatsiyadan o‘tib, toifasini ko‘tarishi va shunga yarasha maosh olishi mumkin. Bundan tashqari, vazir ustamasi, o‘quvchilari fan olimpidasi yoki xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lsa qo‘shiladigan ustamasi bor, o‘z fani bo‘yicha milliy sertifikatni qo‘lga kiritsa ham oyligiga qo‘shimcha qo‘shiladi. Ana shunday imkoniyatlar tufayli hozirda viloyatimizdagi maktab o‘qituvchilarining 7-8 foizi bir ming AQSH dollaridan ortiq oylik olyapti. 88 nafar o‘qituvchi vazir ustamasiga sazovor bo‘lgan. O‘tgan yil davomida 876 nafar pedagog xodim yuqori natijalarga erishib, 70 foizlik ustama olish huquqini qo‘lga kiritdi.

Lekin attestatsiya natijalar hamma vaqt ham quvonarli bo‘layotgan emas. Xususan, o‘tgan yil pedagog xodimlar uchun ikki marotaba attestatsiya tashkil etildi. Unda qatnashgan 37 ming 783 nafar pedagog xodimdan 12739 nafari muvaffaqiyatli o‘tib, ijobiy natija qayd etgan bo‘lsa, 7366 nafari salbiy natija ko‘rsatdi. 17678 nafar pedagog 56 dan past ball to‘plab, attestatsiyadan o‘ta olmadi.
Ayni paytda maktab o‘qituvchilaridan bu yilgi dastlabki attestatsiya jarayonlari uchun hujjatlar qabul qilinmoqda. Bu elektron tizim orqali amalga oshirilmoqda va shu yilning 1 martiga qadar davom etadi. Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi pedagog xodimlarni attestatsiyaga tayyorlash, ularga metodik va amaliy yordam ko‘rsatish borasida zarur chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri