O‘tgan qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etmoqda.
O‘tgan yilda Xo‘jayli, Yangibozor, G‘ijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi.
Bundan tashqari, cho‘llanishni kamaytirish uchun Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘lari yaratildi.
Bu yerda yetishtirilgan galofit urug‘lari kelgusida minglab gektar yerlarda sho‘rlanishni kamaytirib, tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Umuman, o‘tgan qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi.
— Ushbu xayrli ishlarimizga ko‘pni ko‘rgan nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, tashabbuskor biznes vakillari, mehnat jamoalari, yuz minglab yurtdoshlarimiz munosib hissa qo‘shayotgani barchamizni quvontiradi, – dedi Prezidentimiz.
O‘zA