O‘tgan besh oyda yurtimizga xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 millionni tashkil etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlamoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz hududlari rivojlanishida turizm va zamonaviy agrosanoat ham drayver yo‘nalishga aylanmoqda.
Xususan, o‘tgan besh oyda yurtimizga xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 millionni tashkil etdi. Umuman, O‘zbekistonda har yili 15-20 million chet ellik sayyohlarni qabul qilish va ularga yiliga kamida 15 milliard dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatish salohiyati bor.
Prezidentimiz investorlar turizm durdonalari bo‘lgan Samarqand, Buxoro va Xiva bilan bir qatorda boshqa hududlarimizda ham sayyohlik sohasiga faol sarmoya kiritishiga umid bildirdi.
Shu bilan birga, an’anaviy qishloq xo‘jaligini ilg‘or agrobiznes tarmog‘iga aylantirish bo‘yicha ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Hozirgi kunga kelib, O‘zbekiston dunyoning 70 dan ortiq davlatiga yiliga 3,5 milliard dollarlik meva-sabzavot eksport qilib, o‘z brendiga ega bo‘ldi.
— Bugungi anjumanda bizning 14 ta hudud rahbarlari ham ishtirok etmoqda. Marhamat, ular bilan birgalikda viloyatlarga borib, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan bevosita tanishing. Boy tajribangiz, texnologiya va sarmoyangiz bilan o‘zaro manfaatli loyihalarda faol ishtirok eting.
Bu jarayonlarda barcha hokimlar sizlarning yoningizda turib, yaqindan ko‘mak beradi va har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA