Otashin ijodkorga bag‘ishlangan sahna asari
O‘zbek Milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor Usmon Azim qalamiga mansub “Cho‘lpon (“Kunduzsiz kechalar”) nomli spektaklning namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur spektakl ozodlik va go‘zallik kuychisi, vijdoni mudom uyg‘oq shoir Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon (Yunusov) hayoti, ijodi, o‘tgan asrning sinovlar va qora bulutlarga to‘lgan yigirmanchi-o‘ttizinchi yillari, begunoh ijodkorlarning sho‘rolar zulmi ostida qatag‘on etilishi bilan bog‘liq o‘ta og‘riqli davrni aks ettiradi.

Ma’lumki, Cho‘lpon ijodi go‘zal va betakror badiiyati, erk va ozodlik g‘oyalariga yo‘g‘rilgani, millatparvar ruhi bilan qadrlidir. Spektaklda Cho‘lpon, Botu, Oybek va boshqa ijodkorlarning og‘ir taqdiri g‘oyat ta’sirchan voqealar yordamida tomoshabinga hikoya qilinadi.
Aytish kerakki, Cho‘lpon nasr va nazmda, badiiy tarjima sohasida yuksak mahorat bilan qalam tebratgan ijodkor edi. Millatning istibdod zulmi ostida ezilgani, manqurtlik va karaxtlikka yuz tutgani ko‘plab jadidlar kabi shu xalqning imoni salomat farzandi bo‘lmish Cho‘lponni ham befarq qoldirmaydi. Uning “Yolg‘on so‘zdan ko‘ra, yongan so‘z afzal”, degan so‘zlari hayot shioriga aylanganini spektakl davomida anglash mumkin. Ayni paytda bunday otashin so‘zlar sahna asarining bosh g‘oyasini belgilab bergani bilan ham ahamiyatli.

Spektakl O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan. Sahnalashtiruvchi rassom – O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Baxtiyor To‘rayev. Cho‘lpon siymosini taniqli aktyor Hamza Hasanov gavdalantirgan. Spektaklda shuningdek, Fitrat rolini Feruz Burxonov, Fayzulla Xo‘jayev rolini Jamoliddin Abdujabborov ijro etgan.
“Cho‘lpon” (“Kunduzsiz kechalar”) spektakli tomoshabinlarga g‘oyat manzur bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA