Otalik mas’uliyati er kishiga xos
Sud hujjatiga asosan voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun qarzdor shaxslardan aliment undirish belgilangan bo‘lsada, ayrim qarzdor shaxslar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida Byuro organlaridan yashirinishga urinmoqda.
Bunday hollardan davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi. Qidiruv harakatlari Majburiy ijro byurosi organlari qidiruv xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Qidiruvdagi qarzdor shaxsni qayerdaligini aniqlash, topish va javobgarlik masalasini hal qilish qidiruv xodimlari harakatlariga bog‘liq. Qidiruv harakatlari dastlab ijro hujjatini ijro etish joyida, qarzdorning ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida yoki uning mol-mulki turgan joyida yoxud undiruvchining yashash joyida olib boriladi va keyinchalik qidiruv hududi kengaytiriladi.

Ko‘pchilikka bu oddiy ishday tuyulishi mumkin, lekin qidiruvdagi shaxsni qayerdaligini aniqlash, topish va undan aliment to‘lovlarini undirish yoki javobgarlik masalasini hal qilish uchun qancha mehnat sarflanadi. Aliment pullarini o‘z vaqtida ololmay yurgan ayol holatini ko‘z oldingizga keltirib, uning o‘rniga bir zum o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Nega endi ayol, yolg‘iz boshi bilan bola tarbiyasi, yeb-ichishi, kiyim-kechagi, kasal bo‘lsa dori-darmoni haqida qayg‘urishi kerak. Farzandni dunyoga keltirishda sababchi bo‘lgan ota esa qayergadir yashirinib yurishi kerak. Qani otalik mas’uliyati, qani erkaklik g‘ururi?
Qidiruvdagi qarzdor shaxslarni topish borasida Byuroning Buxoro viloyati boshqarmasi qidiruv xodimlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, joriy yil yanvar oyi holatida 317 nafar qarzdor jismoniy shaxslarga nisbatan qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Poytaxtimiz Toshkent shahrini bejizga non shahri deyishmagan shekilli qidiruvdagi shaxslarning asosiy qismi Toshkent shahridan topilmoqda. Qidiruv xodimlari tomonidan yanvar oyining 25-27 kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 5 nafar qidiruvdagi qarzdor shaxslar topilgan. Ularga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari sudda onlayn tartibda ko‘rilgan. 4 nafar qarzdor shaxsga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 1 nafar qarzdor sud jarayonida 12,5 million so‘m aliment qarzdorlikni to‘lab berganligi sababli ish hujjatlari tugatilgan. Hozirda mazkur tadbirlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA