Otalar farzandi oldidagi burchini unutmasin
Navoiy viloyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2011 yil 3 dekabrdagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor M.S.dan sobiq turmush o‘rtog‘i N.S. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ijrosi Majburiy ijro byurosining Navoiy shahar bo‘limi tomonidan ta’minlandi.
Amalga oshirilgan ijro jarayonlarida qarzdorning mol-mulklari bor yoki yo‘qligi o‘rganilgan, bir necha bor aliment qarzdorligi haqida M.S. ogohlantirilib, aliment pullari o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda ma’muriy qamoq jazosiga tortilishi, bu majburiyatni bajarishi qonunda belgilab qo‘yilganligi, aks holda unga nisbatan jinoiy jazo chorasi qo‘llanilishi lozimligi tushuntirilgan.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida undiruvchi N.S. hozirda Rossiya Federatsiyasining Lipesk shahrida yashayotganligi aniqlangan.
Byuroning Navoiy shahar bo‘limi davlat ijrochisi S.Axrorovaning ma’lum qilishicha, olib borilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida bir nafar farzandi uchun M.S. joriy yilning 12 may kuni jami 23 million 810 ming so‘m aliment pulini to‘lab bergan. O‘sha kunning o‘zida mazkur pullar pochta aloqa tarmog‘i orqali N.S.ning yashash manziliga yuborilgan.
Byuroning Nurota tuman bo‘limi tomonidan esa aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjati bo‘yicha qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamagan otaga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasiga asosan tegishli jazo tayinlandi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudining 2009 yil 22 dekabrdagi sud buyrug‘iga ko‘ra, qarzdor X.M. ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun jami 12,4 million so‘mlik aliment to‘lovlarini to‘lab bermaganligi holati yuzasidan hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, sudga taqdim etildi.
Karmana tuman ma’muriy sudining qaroriga asosan, huquqbuzar X.M.ga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Albatta, qarzdorning ma’muriy javobgarlikka tortilishi uni aliment to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilmadi. Aksincha, keyinchalik jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rilishiga yo‘l ochdi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA