Ota xotirasiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida yozuvchi Shahnoza Muhammadiyevaning Yusuf Muhammadiyev xotirasiga bag‘ishlangan “Otamning harbiy qiziman” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kitobda Yusuf Muhammadiyevning hayot yo‘li, kasbiy faoliyati, oilasi va yaqinlari xotiralaridagi yorqin qiyofasi keng yoritilgan.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, xalqaro toifadagi spiker, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova va boshqalar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar kitobning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, unda ota siymosining farzand qalbidagi o‘rni samimiy va ta’sirchan ifodalanganini ta’kidladi. Asarda aks etgan hayotiy voqealar, xotiralar va ibratli lavhalar yosh avlod uchun ham muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Yusuf Muhammadiyev Samarqand viloyati bolalar kutubxonasi direktori vazifasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan. U kutubxonachilik, ta’lim sohasini rivojlantirish, kitobxonlikni targ‘ib etish, yoshlarni milliy adabiyotimizga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qo‘shgan.

Tadbir davomida “Otamning harbiy qiziman” kitobi muallifi, harbiy shifokor Shahnoza Muhammadiyeva asarning yaratilish jarayoni, otasi haqidagi xotiralarni kitob sahifalariga muhrlash istagi hamda ijodiy izlanishlari haqida gapirib berdi.
Taqdimot ishtirokchilarda kitobga katta qiziqish uyg‘otib, ota xotirasini asrab-avaylash, uning hayot yo‘li va ezgu ishlarini yosh avlodga yetkazish borasida muhim ma’naviy ahamiyat kasb etdi.
N.Usmonova,
O‘zA