Ot sporti: xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Hindistonning Nyu-Dehli shahrida Rajasthan Polo Club va O‘zbekiston polo federatsiyasi o‘rtasida polo sportini rivojlantirish hamda Hindiston va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi madaniy va sport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida umumiy intilishni namoyon etgan mazkur kelishuv O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamda Global Trade & Technology Council tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Bu, Markaziy Osiyoda polo sportini rivojlantirish, uning merosi va ilg‘or tajribalarini o‘rganish, qo‘shma trening va seminarlar tashkil etish, xalqaro darajadagi musobaqalarni hamjihatlikda o‘tkazish masalalarini qamrab olayotgani bilan ahamiyatlidir.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, ushbu hamkorlik polo sportini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, sport diplomatiyasi orqali xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA