Osuda, obod hayotimiz posbonlari yashil maydonda bellashdi
Termiz shahrida sportning futbol turi bo‘yicha Surxondaryo viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlarida xizmat o‘tayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida viloyat birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi.
Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat bojxona boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi IIV jazoni ijro etish departamenti to‘rtinchi mintaqaviy hudud 9-tergov hibsxonasi, “Termiz” xalqaro aeroportida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha alohida bataloni, DXX chegara qo‘shinlari sohaviy xizmatlari, bo‘lim va bo‘linmalari xodimlaridan iborat 8 ta terma jamoa o‘zaro bellashdi.

Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan musobaqada birinchi o‘rin viloyat IIB sportchilariga nasib etdi. DXX chegara qo‘shinlari ikkinchi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi sportchilari uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar musobaqa tashkilotchilarining diplom, medal, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri