Ostonaga amaliy tashrif yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amaliy tashrifi yakunlandi.
Bugun kunning birinchi yarmida davlatimiz rahbari Mintaqaviy ekologik sammitning ochilish marosimida ishtirok etdi, “YeXPO” xalqaro ko‘rgazmalar markaziga tashrif buyurib, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning milliy pavilonlari bilan tanishdi hamda BMTning Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen bilan uchrashdi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston yetakchisi Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Tadbirlar yakunlangach, Prezidentimiz Toshkentga jo‘nab ketdi. Ostona xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

