Ostonada MDH Elektr energetika kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi
Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Elektr energetika kengashining 53-majlisi boʻlib oʻtdi.
Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Elektr energetika kengashining 53-majlisi boʻlib oʻtdi. Unda MDHga aʼzo mamlakatlar energetika kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
MDHga aʼzo mamlakatlar elektr energetika tizimlari birlashmasining samarali faoliyati asosida hamdoʻstlik davlatlari iqtisodiyoti va aholisini elektr energiyasi bilan barqaror va ishonchli taʼminlash mazkur kengashning bosh maqsadi hisoblanadi.
Majlisda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari, “Oʻzbekenergo“ aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Ulugʻbek Mustafoyev ishtirokchilarni mamlakatimizda elektr energiya tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishtirib, joriy yilda 370 MVtli energoblok Toshkent IESda toʻliq quvvat bilan ishga tushirilgani elektr energiya ishlab chiqarish hajmini yanada oshirganini taʼkidladi.
Tadbirda MDH doirasida energetika sohasidagi xalqaro shartnomalar, MDH Elektr energetika kengashining meʼyoriy va texnik hujjatlari kabi masalalar koʻrib chiqildi.
Majlis yakunlariga koʻra, MDH Elektr energetika kengashiga aʼzo davlatlar elektr energetika sohasida hamkorlik va hamkorlik strategiyasiga (asosiy yoʻnalishlarga) oʻzgartirish kiritildi va tasdiqlandi. Shuningdek, energetika sohasida xodimlar tayyorlash, MDH Elektr energetika kengashi ishchi guruhining faoliyati va 2019 yilgi ish rejasi qabul qilindi. Bundan tashqari, MDH mamlakatlaridagi bir qator soha vakillarini “MDHda xizmat koʻrsatgan energetik“ faxriy unvoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Maʼlumot oʻrnida: MDH Elektr energetika kengashi 1992 yil 14 fevralda MDHning elektr energetika sohasida davlatlararo munosabatlarni muvofiqlashtirish boʻyicha hukumatlararo bitimga asosan tashkil etilgan.