Ostonada bola huquqlarini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi
Qozog‘istonning Ostona shahrida «Bolalar ovozi: milliy strategiyalar va xavfsiz raqamli muhit» mavzusida Markaziy Osiyo davlatlari Bolalar ombudsmanlarining II xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy va Yaponiyaning bola huquqlari bo‘yicha vakillari, Yevropa bolalar ombudsmanlari tarmog‘i (ENOC), YUNISEF hamda YeXHT vakillari ishtirok etdi. Forumda BMT Bosh kotibining bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha maxsus vakili Najat Maalla M’jid ham qatnashdi.
Forumda bola huquqlarini ta’minlash bo‘yicha milliy strategiyalar, bolalarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, inklyuziv muhitni rivojlantirish, ularni raqamli makondagi tahdidlardan himoya qilish hamda psixologik farovonligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Plenar sessiyada O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ma’ruza qilib, bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlash borasidagi milliy tajribani taqdim etdi.
Ma’ruzada O‘zbekistonda bola manfaatlarini ta’minlash davlatning uzoq muddatli strategik vazifasi ekani ta’kidlandi. So‘nggi besh yilda ushbu sohaning huquqiy va institutsional asoslari yangilanib, bola huquqlariga oid qonunlar qabul qilingani, ixtisoslashtirilgan organlar tashkil etilgani hamda bolalarni ijtimoiy himoya qilishning yangi shakllari joriy etilgani qayd etildi.

Forum davomida O‘zbekistonning bola huquqlarini himoya qilish borasidagi milliy tajribasi va bu yo‘nalishdagi qat’iy pozitsiyasi xalqaro tashkilotlar tomonidan e’tirof etildi. Ishtirokchilar ilg‘or tajribalar almashish, bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashdi.
Forum doirasida ishtirokchilar Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Elvira Azimova bilan uchrashdi.
Unda Qozog‘istonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, ularning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyati, shuningdek, bola huquqlari va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan yangi konstitutsiyaviy normalar haqida ma’lumot berildi.
Konstitutsiyaviy sud amaliyotida bola manfaatlariga oid ko‘rib chiqilgan ishlar va qabul qilingan qarorlar mazmuni muhokama qilindi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi milliy tajribasi yuzasidan ham fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo davlatlari bola huquqlari bo‘yicha vakillarining mintaqaviy hamkorlik platformasini yaratish tashabbusini O‘zbekiston ilgari surgan. Mazkur tashabbus doirasidagi birinchi forum Toshkent shahrida o‘tkazilgan.
N.Abduraimova, O‘zA