Osmonimiz bir, sayyoramiz bir
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Yashil harakatlar kuni” xalqaro ekologik tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir universitet hovlisiga daraxt ekish bilan boshlandi.
Unda universitet rektori K.Sharipov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi A.Hamzayev ishtirok etdi.
Tadbirda BMT Bosh kotibining Iqlim o‘zgarishlarini yumshatish bo‘yicha maslahatchisi, Nobel mukofoti laureati, professor Raye Kvon Chung hamda BMT taraqqiyot dasturi ijrosi bo‘yicha vakili Anas Fayyad Qarman ilmiy-amaliy tavsiyalarini berdi.


Bugungi kunda globallashib borayotgan ekologik muammolarning kuchayish sabablari, salbiy oqibatlari to‘g‘risida so‘z yuritildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
– Men bugungi anjumanda Raye Kvon Chung kabi dunyoning kuchli diplomat va ekologlari ishtirok etayotganidan foydalanib, birgina taklif bildirmoqchiman. Dunyo olimlari tomonidan ishlab chiqilgan ekologiyani yaxshilashga xizmat qiluvchi har qanday ilmiy yutuqlar, texnologiyalar hech qanday to‘siqlarsiz barcha davlatlar o‘rtasida o‘zaro almashinishi kerak, – dedi A.Hamzayev. – Zero, osmonimiz bir, sayyoramiz bir. To‘g‘ri, qandaydir ekologik muammo bugun yer yuzining qaysidir qismida yuzaga kelayotgan, kuchayayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo unutmaylik shunday masalalar borki, uning ta’siridan hech bir mintaqa, hech bir davlat chetda qolmaydi. Shulardan biri, bu ekologik muammolar hisoblanadi. Shunday ekan, bu boradagi tajribalarimizni birlashtirishimiz, yutuqlarimizni o‘rtoqlashishimiz darkor.

Tadbir doirasida “Mening yashil shahrim” mavzusida insholar tanlovi va “Yeko startap" mavzusidagi taqdimotlar o‘tazildi. Shuningdek, jamoat transportidan foydalanish, energiya sarfini kamaytirish, chiqindilarni qayta ishlash va minimallashtirish bo‘yicha kundalik hayotdagi tanlovlarning ahamiyati yuzasidan ekspertlarning fikrlari tinglandi.
Professor Raye Kvon Chung ”Men birinchi” deb nomlangan ijtimoiy kampaniyani boshladi. Yashil iqtisodiyotga asoslangan ushbu loyiha ham iqtisodiyotni, ham ekologiyani yaxshilash maqsadida ishlab chiqilgani bilan tadbir ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.
O‘zA