Osiyo va Yevropa qit’asining kurash hakamlari O‘zbekistonda imtihondan o‘tkazilmoqda
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida Osiyo va Yevropa qit’alaridan kelgan kurash bo‘yicha 25 nafardan ziyod xalqaro toifadagi hakamlar milliy sportimiz bo‘yicha o‘z bilimlarini boyitmoqda.
Xalqaro kurash hakamlari o‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida Samarqand shahrida o‘tkazilgan faxriylar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati bellashuvlarini boshqarib borishda ishtirok etib, amaliy bilimlarini boyitdi.
Qadimiy shaharda 46-55, 56-60, 61 va undan yuqori yosh toifalarida o‘tgan faxriylar o‘rtasidagi mamlakat chempionatida 4 ta oltin medal jamg‘argan Qashqadaryo viloyati vakillari 1-o‘rinni, Baxoro viloyati faxriy kurashchilari 3 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza medali bilan 2-o‘rinni, 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallariga egalik qilgan Navoiy viloyati terma jamoasi 3-o‘rinni egalladi.

Bugun, 22-iyun kuni erta tongdan “Olimpiya shaharchasi”dagi Yakkakurash sport majmuasida xalqaro kurash hakamlari uchun tashkil etilgan ikki haftalik gibrid malaka oshirish kursning amaliy bosqichiga start berildi.
Samarqandda yakunlangan musobaqa jarayonlarini bevosita boshqarish va baholash mashg‘ulotlaridan keyin Osiyo va Yevropa qit’asidan kelgan hakamlar olingan bilimlarni tajribali ekspertlar ko‘rigidan o‘tkazmoqda.

Olingan bilim va tajribalarni xalqaro maydonda yagona standart asosida qo‘llash, murakkab texnik vaziyatlarni baholash, gilamda shaffoflik va adolat mezonlarini ta’minlash kabi muhim yo‘nalishlar imtihondan o‘tkazilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA