Osiyo o‘yinlarida milliy sportimizni ulug‘laganlar tantanali kutib olindi
Yaponiyada davom etayotgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida milliy sportimiz kurash musobaqalari o‘tkazilgani qanchalik iftixorli xolat bo‘lgan bo‘lsa, sportchi-yoshlarimiz kurashning jozibasini namoyish etib, sovrinli o‘rinlarni egallagani yanada e’tiborli voqelikka aylandi.
Aytish lozimki, Osiyo o‘yinlarining uch kunlik kurash musobaqalarida 25 tadan ziyod davlat vakillari qatnashdi.
Shiddatli kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Osiyo o‘yinlarida 10 ta mamlakat sportchilari kurash musobaqalarining sovrinli o‘rinlarini qo‘lga kiritdi. Televizion dasturlar, internet nashrlarida kurash sporti terminologiyasidan o‘rin olgan o‘zbekona so‘zlar baralla jaranglab turdi. Bu, qit’a miqyosidagi ming-minglab xonadonlar, oilalar, odamlar qalbiga qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizdan meros iboralar jo bo‘lganining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Musobaqalar sarhisobi holatida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta oltin va 2 ta bronza medali bilan umumjamoada peshqadamlikka erishdi. Eron 1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza, Janubiy Koreya 1 ta oltin va 1 ta kumush medal bilan keyingi o‘rinlarni band etdi.
Kurash musobaqalarida Xitoy Taypeyi va Tojikiston vakillari 2 tadan kumush va 1 tadan bronza, Yaponiya hamda Qozog‘iston terma jamoalari 2 tadan bronza, Hindiston, Qirg‘iziston va Tailand polvonlari esa 1 tadan bronza medal sohibi bo‘ldi.

Kuni kecha qit’a o‘yinlarida yuz foizlik natija qayd etib, vatanimiz nomini xalqaro maydonda ulug‘lagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida ishtirok etgan sport vazirining maslahatchisi Sharifjon Mo‘minjonov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov, Toshkent shahar sport boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Ubaydullayev, jamoatchilik vakillari, ota-onalar, sportchilarning yaqinlari yengilmas kurashchilarimizni Osiyo o‘yinlaridagi o‘ziga xos g‘alabalar bilan muborakbod etishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA