"Osiyo o‘yinlari-2026": akademik eshkak eshuvchilarimiz 9 ta medalga sazovor bo‘ldi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tayotgan XX Osiyo o‘yinlarining bugungi dasturi delegatsiyamiz uchun muvaffaqiyatli o‘tmoqda. Ayniqsa, akademik eshkak eshish bahslarida sportchilarimiz kun davomida 1 ta oltin, 6 ta kumush va 2 ta bronza — jami 9 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joizki, bugungi bahslarda akademik eshkak eshish bo‘yicha oltin medalni erkaklar o‘rtasidagi LM2x dasturida Shahzodbek Nurmatov va Sobir Safaraliyev qo‘lga kiritdi.
Kumush medallarni erkaklar o‘rtasidagi M4-da Fazliddin Karimov, Dilshodjon Xudoyberdiyev, Maksim Golubev va Alisher Turdiyevdan iborat kvartet, M1x bahsida Shahboz Xolmurzayev, M2x bahsida Mehrojbek Mamatqulov va Pavel Sorin, ayollar o‘rtasidagi W1x yo‘nalishida Anna Prakaten, W2-da Aydana Smetullayeva va Anna Aksyonova, W4-da esa Anna Aksyonova, Mariya Sergeyeva, Rayhona Sattorova hamda Aydana Smetullayevadan iborat jamoa qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, M4x dasturida Shahboz Xolmurzayev, Davrjon Davronov, Mehrojbek Mamatqulov hamda Pavel Sorindan iborat to‘rtlik 5 daqiqa 48,96 soniya natija bilan bronza medalga sazovor bo‘ldi. M2- dasturida esa Alisher Turdiyev va Maksim Golubev juftligi shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Shu tariqa, akademik eshkak eshish bo‘yicha natijalar delegatsiyamiz umumiy medallar jadvaliga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Natijada O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 4 ta oltin, 11 ta kumush va 8 ta bronza, jami 23 ta medal qayd etildi. Bu ko‘rsatkich bilan vakillarimiz umumiy hisobda 7-o‘ringa ko‘tarildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat), Yaponniya. O‘zA