Osiyo kubogida bugun birinchi tur yakunlanadi
Saudiya Arabistonida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogi o‘tkazilmoqda. Unda kecha “S” va “B” guruhida birinchi tur o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi.
Osiyo kubogining “C” guruhida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ilk o‘yinini Livan terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi va 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Janubiy Koreya – Eron o‘rtasidagi bahsda hisob ochilmadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ilk turdan so‘ng, 3 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Janubiy Koreya va Eron esa 1 ochko bilan 2-3 o‘rindan joy olgan bo‘lsa, Livan ochkosiz so‘nggi pog‘onada qoldi. Endi ikkinchi tur doirasida 10 yanvar kuni O‘zbekiston – Eron va Janubiy Koreya – Livan uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Shuningdek, “B” guruhida bo‘lib o‘tgan birinchi tur yakunlariga ko‘ra Yaponiya 5:0 hisobida Suriyani taslim etdi va guruhda karvonboshiga aylangan bo‘lsa, BAA 2:0 hisobida Qatar ustidan zafar quchgan holda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Mag‘lub jamoalar gollar nisbatiga ko‘ra, 3-4 o‘rinni band etdi. Ikkinchi turda Yaponiya – BAA, Qatar – Suriya yoshlar terma jamoalari bahsiga guvoh bo‘lamiz.
Bugun, 8 yanvar kuni “D” guruhidan o‘rin olgan Iroq – Xitoy hamda Avstraliya – Tailand terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar musobaqaning birinchi turiga yakun yasab beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA