Osiyo kubogi: chorak finaldagi raqibimiz Saudiya Arabistoni
Bugun, 26 iyun kuni O‘zbekiston U-17 jamoasi Tailandda davom etayotgan Osiyo kubogining chorak finalida Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
Ushbu bahsda futbolchilarimiz oq-ko‘k libosda, darvozabonimiz esa to‘q sariq libosda harakatlanadi.

Kecha Tailandda O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullayev va jamoa futbolchisi Sherzod Abdulboriyev Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, chorak final o‘yinlari Jahon chempionati yo‘llanmasini ham taqdim etishda muhim uchrashuv ekanligini, futbolchilarimizda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yuqoriligini bildirib o‘tdi.

Qolaversa, maydonda futbolchilar mas’uliyat va sovuqqonlik bilan kerakli natija uchun maydonga tushishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘yin bugun Toshkent vaqti bilan soat 19:00da Bangkok shahrining “Tammasat” stadionida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA