Osiyo konstitutsiyaviy sudlari forumi
Bugun Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi(AACC-ASIA)ning VII Kongressi o‘z ishini boshlaydi.
“Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov” mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda dunyoning 20 dan ortiq davlatidan kelgan Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi huquqshunos olimlar global texnologik transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligi va inson qadr-qimmatini ta’minlashning yangi mexanizmlarini muhokama qilishi ko‘zda tutilgan.
Kongress oldidan Assotsiatsiya Bosh kotiblari va A’zolar kengashining majlislari o‘tkazildi. Mazkur tadbirlarda tashkilotning 2025-yildagi faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar, ilmiy-tadqiqot va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, A’zolar kengashi yig‘ilishida Assotsiatsiya doimiy tuzilmalari faoliyati, 2025-yil noyabr oyidan buyon raislik qilib kelayotgan O‘zbekiston tomoni boshchiligida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, majlisda Assotsiatsiya a’zoligi geografiyasini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, 2027-2029-yillarda raislik masalasi hamda nufuzli anjumanning bosh hujjati — Samarqand deklaratsiyasi loyihasi muhokama qilindi.
Assotsiatsiya A’zolar kengashi yig‘ilishini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi, Assotsiatsiya prezidenti Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov boshqardi.
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi uchun Assotsiatsiyaga raislik shunchaki rasmiy vazifa emas, balki Osiyo mintaqasida yangi g‘oyalarni ilgari surish, o‘zaro ishonchini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni yagona maqsad yo‘lida birlashtirishga qaratilgan mas’uliyati missiya, – dedi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov. – Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezoni – inson qadri, konstitutsiya va qonun ustuvorligi, sud hokimiyatining mustaqilligi va fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdir. Sud-huquq sohasidagi yangilanishlar ham aynan shu maqsadga – odil sudlovni insonga yanada yaqin, ochiq va samarali qilishga qaratilgan. Shu bois biz Assotsiatsiya doirasidagi hamkorlikni milliy islohotlarimiz bilan uyg‘un, o‘zaro tajriba almashinuvini rag‘batlantiradigan amaliy platforma sifatida ko‘ramiz.
[gallery-31732]
Yig‘ilishda Assotsiatsiya kotibiyatlari hisoboti eshitilgach, a’zolikni kengaytirish va tashqi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Assotsiatsiyaga 2027-2029-yillarda Filippin Respublikasining raislik qilishga tayyorligi va keyingi prezidentlik lavozimiga nomzod masalasi ko‘rib chiqildi. Samarqand deklaratsiyasi dastlabki tarzda ma’qullanib, yakuniy qabul qilish uchun Kongressga kiritishga qaror qilindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari