Yangi hosilga zamin yaratilmoqda
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi fermer xo‘jaliklarida paxta ekiladigan maydonlarga yaxob suvi berish, mahalliy o‘g‘it chiqarish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi fermer xo‘jaliklarida paxta ekiladigan maydonlarga yaxob suvi berish, mahalliy o‘g‘it chiqarish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.Tumandagi “Adham” fermer xo‘jaligi mirishkorlari yerni yaxob suviga va mahalliy o‘g‘itga to‘ydirishning foydasini o‘z tajribalaridan yaxshi biladi. Xo‘jalikda bu yumushlar har yili o‘z muddatida sifatli amalga oshirilayotgani natijasida paxta va g‘alladan yuqori hosil olinmoqda. 2014-yilda xo‘jalik a’zolari 248 gektar paxta maydonining har gektaridan 28 sentnerdan, 345 gektar g‘alla maydonidan esa 60 sentnerdan oshirib hosil oldi.
– Davlatga paxta va g‘alla sotish shartnoma rejasini oshirib bajarish evaziga o‘tgan yilni 100 million so‘mdan ziyod sof foyda bilan yakunladik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Adham Safarov. – Dehqonning daromadini ko‘paytiradigan manba – yuqori hosil. Shuning uchun hosildorlikni oshirishning barcha imkoniyatlaridan unumli foydalanishga, ayniqsa, qishki agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida bajarishga harakat qilmoqdamiz.
Xo‘jalikning mashina-traktor parkida texnika vositalarini bahorgi ish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha ish qizg‘in. Mavjud 3 haydov, 6 chopiq traktori, 5 chigit ekish, 2 g‘alla ekish seyalkasi, kultivator va boshqa mexanizmlar to‘liq ta’mirlandi.
Qish mavsumida 11 ming gektar maydonga yaxob suvi berish va mahalliy o‘g‘it chiqarish rejalashtirgan. Tumanning barcha xo‘jaliklarida bu yumushlar belgilangan reja asosida amalga oshirilayotir. Dalaga mahalliy o‘g‘it chiqarish bo‘yicha tumanda tashkil etilgan 18 transport guruhi uzluksiz ishlamoqda.