O‘shanda onam o‘qituvchi bo‘lishimni istamagan...
Onam oʻqituvchi boʻlishimni istamagan. Avvaliga bu kasbning “non”i qattiqligini koʻp aytardi. Lekin men onamday ustoz boʻlishni, u yurgan yoʻllardan odimlashni istardim. Oʻqituvchi sifatidagi birinchi ish kunim hech yodimdan chiqmaydi. Oʻsha voqeaga ham oʻn yildan oshibdi.
...Sinfga jimlik choʻkkan, faqat burchakka oʻrnatilgan choʻyan pechda namchil oʻtin yonaolmay pishshillaydi. Qalin kiyingan oʻquvchilar doskadan vazifalarni koʻchirmoqda. Uch oylik paxta terimida boʻlgan yuqori sinf oʻquvchilari Yangi yil bayrami arafasida ham ortda qolgan dars soatlarini yetkazib ololmay halak.
...Ertalab hammamiz maktab hovlisiga toʻplanadigan boʻldik. Tushlik uchun yemak va chopiq uchun ketmonlarimiz esdan chiqmasligi uqtirildi. Paxta chopigʻi qancha vaqt davom etishi haqida biror gap aytilmadi.
Onam oʻzaro suhbatlarimizda shunga oʻxshash voqealarni koʻp eslaydi. Bu kabi gurunglarni tinglar ekanman, beshinchi sinifdanoq paxtaga chiqqanimiz, oʻqituvchilik davrimda ham gʻoʻza oralaganlarimiz, obodonlashtirish ishlariga, bizga aloqasi yoʻq tadbirlarga odam soni uchun jalb qilinganimiz xayolimda gavdalanaveradi.
Bugun bu kabi “ish”lar ortda qoldi, shukr. Oʻqituvchining darsdan boshqa tashvishi boʻlmasa, qanday soz.
***
Natija taqqos qilinganda yanada ravshanlashadi. Oʻzbekistonda soʻnggi besh yilda taʼlim sohasidagi islohotlarni oʻtgan davr bilan taqqoslayman, natijalardan gʻururlanaman.
Zangiota tumanida – oʻzim ishlayotgan 13-umumtaʼlim maktabida yaqin yillarda nimalar oʻzgardi? Yangi oʻquv yili ostonasida shu savol xayolimdan oʻtmoqda.
Maktabimizda erkak oʻqituvchilar soni soʻnggi yillarda ortdi. Bu mamlakatimizda pedagoglarga, soha xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga eʼtiborning oʻsayotgani bilan bogʻliq.Ingliz tilidan dars beraman, shu bilan birga sinf rahbarligim ham bor. Oʻtgan yillarda men qanchadan-qancha qogʻozbozlikka jalb qilinar edim. Bugun byurokratiyadan tejalgan vaqtimni oʻz ustimda ishlashga sarflamoqdaman. Jurnal yuritish, kundalikka baho qoʻyish elektronlashayotgani sohadagi katta yutuq boʻldi.
Quyi sinflarda oʻqitgan oʻquvchilarim 10-11-sinflarda ham oʻzimdan taʼlim olmoqda. Aytgancha, bu yil maktabimiz bitiruvchilaridan yigirmaga yaqini oliy taʼlimda oʻqishini davom ettiradi. Bu oldingi yillarga qaraganda bir necha barobar koʻp koʻrsatkich.
Oʻquv yili oldidan men kabi ana shunday xayollarda yurgan hamkasblarimga hormang, deyman.
Shahzoda Jalolova,
ingliz tili fani oʻqituvchisi