Orzularga yo‘l ochgan, sarsonliklarga barham bergan islohotlar
Bugun — birinchi avgust. Bundan o‘n yillar muqaddam bu sana ko‘plab yoshlar hayotiga juda katta ta’sir ko‘rsatgan.
Sababi, aynan shu kuni mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari o‘tkazilardi. Bu sana nafaqat abituriyentlar, balki ushbu jarayonni yoritgan ommaviy axborot vositalari uchun ham asab va sabr-bardosh imtihoni bo‘lgani rost. Bir qarashda hamma narsa tartibli va tekisdek tuyulardi. Ammo aslida vaziyat butunlay boshqacha edi...
Yurtimizda boshlangan yangilanishlar, eng avvalo, ta’lim sohasida o‘z aksini topdi. Zero, jamiyatdagi, mamlakatdagi va eng muhimi, insonlar ongidagi tub ijobiy o‘zgarishlarga erishishning eng samarali yo‘li sifatli ta’lim ekanini davlatimiz rahbari doimo ta’kidlab kelmoqda.
Bugun shiddatli taraqqiyot yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar amalga oshirildi. Azaldan xalqimiz farzandlarining bilimli, o‘z kasbining mohir mutaxassisi va komil inson bo‘lib voyaga yetishini orzu qilgan. Ana shu ezgu maqsadlar ro‘yobga chiqmoqda.
Eng muhimi, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish imkoniyatlari keskin kengaydi. Bugungi qamrov ko‘rsatkichlari bundan o‘n yil avvalgi vaziyat bilan taqqoslab bo‘lmaydigan darajaga yetdi.

Abituriyentlar uchun hujjat topshirishning zamonaviy va shaffof mexanizmi — onlayn qabul tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada saraton jaziramasida oliygohlar ostonasida navbat kutish, hujjatlardagi kamchiliklarni to‘ldirish, yo‘nalishlar haqida ma’lumot izlab sarson bo‘lish kabi muammolar barham topdi. Bir necha yil emas, o‘nlab yillar davomida oliygoh eshigida umri, orzu-havasi o‘tgan yoshlarning sarsongarchiligi tarixda qoldi.
Mamlakatimizda jamiyat va iqtisodiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yangi davlat oliy ta’lim muassasalari tashkil etildi. Xorijiy universitetlar filiallari ochildi. Nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga keng yo‘l ochildi. Bu o‘zgarishlar yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ehtiyoj va intilishlarini inobatga olgan holda amalga oshirildi.
Natijada yurtimiz yoshlari xorijning nufuzli universitetlarida tahsil olish imkoniyatlari keskin darajada ortdi. Bu esa bilimli, raqobatbardosh va zamonaviy dunyoqarashga ega kadrlar safi tobora ko‘payib borayotganidan dalolat beradi.
Ayol-qizlarning oliy ta’limga qamrovini kengaytirish, ehtiyojmand oilalar qizlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning magistraturada davlat granti asosida tahsil olishi, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar ham xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.
Bugun «qizim o‘qishga kirdi», «o‘g‘lim talaba bo‘ldi», «nevaram universitetga qabul qilindi» deya chin dildan quvonayotgan yurtdoshlarimiz safi yil sayin ko‘paymoqda.
Albatta, diplomli yoshlar soni ko‘payishi bilan ularning bandligini ta’minlash ham muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Biroq, oliy ma’lumot olgan insonning dunyoqarashi, fikrlash madaniyati, fuqarolik pozitsiyasi, oila va farzand tarbiyasiga munosabati ham jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Oliy ta’lim sohasidagi asosiy o‘zgarishlar yana nimalarda namoyon bo‘ldi?
Bundan o‘n yil avval raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, zamonaviy axborot tizimlarining oliy ta’lim jarayoniga keng joriy etilishini tasavvur qilish ham qiyin edi.
Ilgari maktab bitiruvchilarining atigi 9 foizi oliy ta’limga qabul qilingan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich ko‘p karra oshdi. Talabalar soni 1,5 million nafardan ziyodni tashkil etmoqda. Universitetlar soni keskin ko‘paydi. Ular orasida xususiy va nufuzli xorijiy universitetlar filiallari ham bor. Bu esa ta’lim sohasida raqobat muhitini shakllantirib, sifat oshishiga xizmat qilmoqda.
Kirish imtihonlari bugun Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan ochiqlik, shaffoflik va inson omilining minimallashtirilishi asosida tashkil etilmoqda. Bu tanish-bilishchilik va korrupsiya xavfini sezilarli darajada kamaytirdi.

Yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy avtonomiya berildi. Ular o‘quv dasturlarini mustaqil shakllantirish, kontrakt miqdorini belgilash va byudjet mablag‘larini boshqarish huquqiga ega bo‘ldi.
Sohaga xalqaro ilg‘or tajribalar faol joriy etilmoqda. Dunyoning ko‘plab ilmiy-ma’rifiy maskanlari, universitetlari bilan samarali va natijador hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Kredit-modul tizimi hamda HEMIS axborot tizimining joriy etilishi ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni qisqartirdi. Endi talabalarning o‘zlashtirgan kreditlari xalqaro mezonlar asosida tan olinmoqda, bu esa akademik mobillikni kengaytirmoqda.
Professor-o‘qituvchilarning mehnati ham munosib rag‘batlantirildi. Ularning oylik maoshlari bir necha barobar oshirildi, ilmiy darajaga ega mutaxassislarga qo‘shimcha ustamalar joriy etildi. Bu ta’lim sifati va ilmiy salohiyatning yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi tubdan yangilandi. Bu islohotlar yoshlarning bilim olishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bularning barchasi yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, yoshlar kelajagiga investitsiya kiritish va mamlakatimizni taraqqiy etgan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashiga xizmat qilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy samarasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA