O‘rta Chirchiqda yangi davr nafasi
Hudud taraqqiyotini, avvalo, uning qiyofasidagi o‘zgarishlardan anglash mumkin. Kechagi va bugungi manzarani qiyoslaganda yangi yo‘llar, zamonaviy binolar, obod mahallalar, ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish maskanlari ko‘payib borayotgani ko‘zga tashlanadi.
Biroq yangilanishning asl mazmuni bunyod etilgan inshootlarda emas. Uning haqiqiy natijasi odamlarning kundalik hayotida, oilaviy daromadlarida, farzandlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlardadir. Bugun O‘rta Chirchiq tumanida kechayotgan jarayonlarga ana shu nuqtai nazardan nazar tashlasak, hudud yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganini ko‘rish mumkin.
Joriy yil iyul oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘rta Chirchiq tumaniga tashrifi hudud hayotida muhim voqea bo‘ldi. Davlat rahbari ishtirokida Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi yangi pullik avtomobil yo‘lining tuman hududidagi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Bu loyihaning ahamiyatini faqat transport qatnovini yaxshilash bilan izohlash kamlik qiladi. Chunki yo‘l iqtisodiy taraqqiyotning ham muhim infratuzilmasidir. Transport imkoniyatlari yaxshilangan hududga sarmoya kiritish, mahsulot tashish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun imkoniyatlar ham ortadi.

Bundan tashqari, Toshkent – Nurafshon A-373 va Toshkent katta halqa yo‘llari kesishmasida, Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgich ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. Demak, bugun qurilayotgan yo‘l nafaqat transport infratuzilmasi, balki ertangi iqtisodiy faollik uchun ham yaratilayotgan yangi imkoniyatdir.
Tuman taraqqiyotini yirik loyihalar bilangina o‘lchab bo‘lmaydi. Chunki aholi uchun farovonlik, avvalo, yashash joyidagi oddiy, ammo muhim qulayliklardan boshlanadi. Joriy yilda O‘rta Chirchiqda 51,7 kilometrdan ziyod ichki yo‘lning ta’mirlangani, qariyb 10 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarining yangilangani ana shu ehtiyojlarga amaliy javob bo‘lmoqda.

Aslida yo‘lning ravonligi, ichimlik suvining barqarorligi, mahallaning obodligi – aholining kundalik turmushiga bevosita ta’sir qiladigan omillar. Shuningdek, ikkita maktabning zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinishi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash barobarida, farzandlar uchun munosib ta’lim muhitini yaratishga xizmat qilmoqda.
Xususan, davlatimiz Mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida O‘rta Chirchiq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda “Toshkent suv ta’minoti” AJning tuman bo‘limi uchun yangi binolarning foydalanishga topshirilgani ham hudud infratuzilmasini yangilash jarayonining bir qismi bo‘ldi. Ayniqsa, O‘rta Chirchiqning kelajak qiyofasini belgilashi mumkin bo‘lgan yana bir muhim yo‘nalish Qorasuv kanali sohillarini obodonlashtirish rejasidir. Bu yerdagi zamonaviy dam olish maskanlari, gastronomik va ko‘ngilochar hududlardan aholi mamnun.

– Ilgari bu joylar qarovsiz holatda edi, – deydi “Tinchlik” MFY raisi Ravshanbek Haydarov. – Men 60 yildan beri shu manzilda yashayman. Biroq “Zarbdor tajribasi” asosida boshlangan sa’y-harakatlar tufayli bu joylar obod bo‘ldi. Aholi ham xursand. Keksalar, bolalarning sayr qilishi, vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoit qilindi. Ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bunday loyihalarning ahamiyati ikki jihatda namoyon bo‘ladi. Birinchidan, aholi uchun zamonaviy dam olish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish imkoniyatlari kengayadi. Ikkinchidan, yangi xizmat turlari va tadbirkorlik sub’ektlari paydo bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi. Natijada obodonlashtirish iqtisodiy faollik bilan uyg‘unlashadi.

O‘rta Chirchiqdagi iqtisodiy o‘zgarishlarning yana bir muhim ko‘rsatkichi – investitsiya loyihalarining ko‘lamidir. Bayram arafasida tumanda 9 ta sanoat korxonasi va 31 ta xizmat ko‘rsatish loyihasi tashkil etilgani hududda ishbilarmonlik muhiti tobora faollashayotganini ko‘rsatadi.
Ayni paytda xorijiy investorlar ishtirokida umumiy qiymati 219 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Har qanday investitsiyaning eng muhim ijtimoiy natijasi esa yangi ish o‘rinlaridir.

Yangi ish o‘rni – oila uchun barqaror daromad. Aholi turmush sifatining yaxshilanishi esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlik va ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydi. Shu jihatdan, O‘rta Chirchiqda sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni aholi farovonligini ta’minlashning iqtisodiy poydevori sifatida baholash mumkin.
Zamonaviy korxonalar, yangi infratuzilma va sarmoya loyihalari qanchalik ko‘p bo‘lmasin, ularni harakatga keltiradigan asosiy kuch bilimli, kasb-hunarli va tashabbuskor insonlardir. Shu bois tumanda yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish, bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugun o‘z biznesini boshlayotgan yosh yoki oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar nafaqat o‘z oilasi daromadini oshiradi. U yangi xizmat yoki mahsulot yaratib, boshqalar uchun ham ish o‘rni tashkil etishi mumkin. Shu ma’noda insonga kiritilgan sarmoyaning samarasi ko‘p qirrali va uzoq muddatlidir.
Bugun Yangi O‘zbekiston haqida so‘z borganda, bu tushunchani faqat poytaxt yoki yirik shaharlar bilan bog‘lash to‘g‘ri emas.
Yangi O‘zbekiston qiyofasi mahallalardagi o‘zgarishlarda, zamonaviy maktablarda, sifatli yo‘llarda, toza ichimlik suvi tarmoqlarida, yangi korxonalarda, ish bilan ta’minlangan oilalarda namoyon bo‘ladi. O‘rta Chirchiqda amalga oshirilayotgan ishlar ham ana shu jarayonning bir qismi.
Tahlillarga ko‘ra, joylarda 51,7 kilometrdan ziyod ta’mirlangan ichki yo‘llar, qariyb 10 kilometr yangilangan ichimlik suvi tarmoqlari, rekonstruksiya qilingan maktablar, 9 ta yangi sanoat korxonasi, 31 ta xizmat ko‘rsatish loyihasi va xorijiy investorlar ishtirokidagi 219 million dollarlik loyihalar qilindi. Bir qarashda bular – iqtisodiy va infratuzilmaviy ko‘rsatkichlar. Aslida esa ularning har biri ortida inson taqdiri, oila manfaati va aholi turmushi bilan bog‘liq aniq natija bor.
Bugun boshlangan har bir loyiha ertaga o‘z samarasini beradi. Shu ma’noda O‘rta Chirchiqning bugungi qiyofasi – katta o‘zgarishlar yo‘lidagi muhim manzildir.
A. Musayev, O‘zA