Oromgohlar bolajonlarni chorlamoqda
Yoz mavsumi ham keldi. Sanoqli kunlardan keyin umumta’lim maktablari o‘quvchilari oromgohlarda dam olishni boshlaydi. Xo‘sh, oromgohlar yozgi mavsumga shaymi?
Navoiy viloyatida yoz mavsumida 18 oromgoh faoliyat olib boradi. Ularning 11 tasi statsionar, 5 tasi kunduzgi, 2 tasi mehnat va dam olish oromgohlaridir. Ularda 15 ming 440 nafar bolalarni dam oldirish rejalashtirilgan. Faoliyat ko‘rsatadigan oromgohlarga 900 nafarga yaqin pedagog jalb qilinib, ayni paytda ular bilan maxsus dastur asosida o‘quvlar o‘tkazilmoqda. Oromgohlarda bolalar adabiyotlari va yangi nashrlarga boy kutubxona, ijodiy-badiiy, sport, xorijiy tillar va kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, maxsus dastur asosida mashg‘ulotlar, fan kechalari, viktorina, mushoira, turli tanlov va musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.



Oromgohlarda bolajonlar bilan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha qiziqarli tadbirlar, ijodiy kechalar, aktyorlik mahorati darslari ham tashkil etiladi. Yozgi oromgohlarning asosiy maqsadi – oromgoh faoliyatini yuksak ma’naviyat mezonlari asosida tashkil etib, farzandlarimizning dam olishini mazmunan boyitishdan iborat. Shu maqsadda viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabida 2023 yilning yoz mavsumida faoliyat ko‘rsatadigan 18 oromgoh rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda oromgohlarda olib boriladigan ishlarni to‘g‘ri rejalashtirish, bolajonlarni qiziqarli va xavfsiz dam oldirish, yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuni ta’kidlash kerakki, Navoiy viloyatida barcha oromgohlar bolajonlarni qabul qilishga shay holatga keltirilib, maroqli dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
T.Abdurahmonov,
Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari
O‘zA