Orolbo‘yida Xalqlar do‘stligi kuni keng nishonlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida Xalqlar do‘stligi kuni bayrami keng nishonlandi.
Jumladan, Taxtako‘pir tumani “Qorateran” sayyohlik markazida “Do‘stlik festivali” tadbiri o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi.

Ta’kidlash joizki, har yili yurtimizda Xalqlar do‘stligi kuni bayrami munosabati bilan “Do‘stlik festivali” ko‘tarinki ruhda o‘tkazib kelinmoqda. Keng nishonlanayotgan bayram tadbirlari, chekka ovul va mahallalardan boshlab barcha shahar va tumanlarda xalq sayillari, hududda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari ishtirokida milliy taomlar, rassom va hunarmandlarning ko‘rgazmalari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda yashayotgan turli millat vakillari bir maqsadda birlashib, ona-Vatanimizni yanada rivojlantirish yo‘lida mehnat qilib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya asosida yurtimizda millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglikning o‘ziga xos ibratli modeli yaratildi. Bundan har qancha faxrlansak arziydi.
Bugungi kunda millatlararo munosabatlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami tobora kengayib, mazmun-mohiyatan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu borada qabul qilingan 10 ta normativ-huquqiy hujjat, xususan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi sohadagi ishlarni samarali tashkil etish va izchil davom ettirishning muhim huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Albatta, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar eng asosiy boyligimiz bo‘lgan yurtimiz tinchligini saqlashda, xalqlar do‘stligini, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etmoqda.
Bayram tadbiri turli millat vakillarining kuy, qo‘shiq va raqslaridan tashkil topgan gala-konsert dasturi bilan davom etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi T.Xudaybergenov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA