Orolbo‘yida o‘rganishlar olib borilmoqda
Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda “2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidaBosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rganishlar olib borilmoqda.
Shtab a’zolari Nukus shahridagi Anasoy mahallasi hududidagi 8-sonli oilaviy poliklinikada Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xavf guruhiga kiruvchi shaxslar jumladan, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslarni profilaktik sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazini psixiatr-mutaxassislar bilan to‘liq ta’minlash, xodimlar malakasini doimiy oshirish, qo‘shimcha davolanish uchun o‘rinlar sonini oshirish, xavf guruhiga kiruvchi biroq, “D” hisobiga olinmasdan qolgan shaxslarni aniqlash va sog‘lomlashtirish, migratsiyadan kelgan shaxslarni aniqlash va to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tilishini ta’minlash borasida topshiriqlar berildi.

Jumladan, shtab a’zolari tomonidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga biriktirilgan Nukus shahridagi kriminogen vaziyatidan kelib chiqib, 3 yildan buyon “qizil” toifaga kirgan Turon mahallasiga tashrif buyurilib, “mahalla yettiligi” vakillari bilan muloqot o‘tkazildi. Unda hududdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan individual ishlash samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan mahallada amalga oshirilgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi. Unda mahallada jinoyatchilikni qisqartirish, huquqbuzarliklarning ildiz sabablarini bartaraf etish, aholi bilan samarali profilaktik ishlarni yo‘lga qo‘yish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar tahlil qilindi hamda, namuna tarzida ishlab chiqilgan “Notinch oilalarni o‘rganish pasporti”ni boshqa hududlarga ommalashtirishni ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Mahallada jinoyatlar, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy tavsiyalar va video roliklar namoyish etildi.

O‘rganishlar doirasida Akademiyaga biriktirilgan mahallalarda ijtimoiy profilaktika sub’ektlari hamda huquq-tartibot idoralari xodimlarining kasbiy malakasini oshirish maqsadida sayyor o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, jinoyatlarning oldini olishda zamonaviy usul va vositalardan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh, o‘z faoliyatini davom ettirib, Nukus shahridagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi misolida Qoraqalpog‘iston Respublikasida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyatlar va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan ishlar bilan tanishdi.

Maktabda o‘quvchilarni munosib bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun tashkil etilgan turli to‘garaklar faoliyati ham o‘rganildi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari tomonidan ishlangan halollik va korrupsiyaga murosasizlikka undovchi qisqa roliklar namoyish etildi.
O‘rganishlar yakunida o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarni oldini olish, darslarga qatnashish davomati yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish, “oila-mahalla-ta’lim muassasasi” hamkorligini samarali tashkil etib borish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, sohadagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi prokuror nazoratiga oid amalga oshirilgan ishlar taqdimoti hamda shaharlararo yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari harakatini nazorat qilishni raqamlashtirishga oid loyihani amalga tatbiq etish va ommalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.