O‘rmon fondi yerlarini muhofaza qilish kuchaytirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi davom etmoqda. Xalq vakillari o‘rmon fondi yerlarining huquqiy maqomini yanada mustahkamlash, ularni muhofaza qilishning samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish hamda ekologik barqarorlik ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Mazkur qonun loyihasi sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. Amalda o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshirilar edi.
Endilikda o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish tartibi qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Qonun loyihasida o‘rmon fondi yerlarining alohida muhofaza etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘rmon fondi yerlarini yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadigan hujjat asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda. Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarining huquqiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi o‘rmon fondi yerlarining saqlanishini ta’minlash, ulardan maqsadli va oqilona foydalanishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, ekologik barqarorlik va biologik xilma-xillikni saqlash uchun mustahkam huquqiy asos yaratish, o‘rmon fondi yerlarini muhofaza qilish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda “Faxriylar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan faxriylar maqomi hamda bu sohada mas’ul vazirlik va idoralarning vakolatlari nazarda tutilmoqda. Shuningdek, faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyoz hamda kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasida faxriylarning toifalari ham belgilanmoqda. Ya’ni, urush faxriylari va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslar, boshqa mamlakatlar hududida olib borilgan jangovar harakatlar faxriylari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirliklar va idoralarning faxriylari, sud, prokuratura, adliya va bojxona organlarining faxriylari, mehnat faxriylari alohida toifadagi faxriylardir.
Loyihaga ko‘ra, belgilangan talab va mezonlarga muvofiq muayyan bir soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar mobaynida vijdonan namunali mehnat qilish orqali davlat hamda jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan shaxslarga faxriy maqomi beriladi.
Mazkur maqomni olgan fuqarolar imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Xususan, sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish, uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlarini olish, shahar transportida bepul yurish, havo va temir yo‘l chiptalarida chegirmalar, davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish kabi imtiyozlar shular jumlasidan.
Shuningdek, faxriylarning sog‘lomlashtirish muassasalarida dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlanishi, madaniyat va ko‘ngilochar muassasalar (sport, teatr, moddiy madaniy meros ob’ektlari) hamda muzeylarning pulli xizmatlaridan imtiyozli foydalanishi belgilanmoqda.
Faxriylarga beriladigan barcha imtiyoz va kafolatlar qonun bilan aniq belgilanib, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yanada mustahkamlanadi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
N.Nasriyev
O‘zA