O‘quvchilarning sifatli va sog‘lom ovqatlanishi – nazoratda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligini belgilovchi omillarning 50 foizi uning ovqatlanishi va hayot tarziga bog‘liq. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyalanayotgan maktab oshxonalarida farzandlarimizning to‘g‘ri ovqatlanishiga e’tibor berish har birimizning vazifamiz.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari mavjud.
Maktab oshxonasidan birinchi navbatda ozodalik talab qilinadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari ovqatlanish oshxonalari xodimlari tomonidan shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tish va kasbiy gigiyenik tayyorgarlikka turli xil talablar qo‘yilgan.
Xususan, o‘quvchilar o‘rtasida yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish maqsadida xodimlar tomonidan shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi uchun oshxonada sharoitlar yaratilishi kerak. Qo‘l yuvish uchun barcha ishlab chiqarish sexlarida issiq va sovuq suvlar o‘tkazilishi, ularni aralashtirish moslamasi bo‘lgan chanoqlari o‘rnatilishi zarur. Alohida sovun va shaxsiy yoki bir martalik sochiqlarni qo‘yadigan joy bo‘lishi lozim. Ishlab chiqarish vannalarida qo‘llarni yuvish mumkin emas.
Qayd etish lozimki, oshxona birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun aptechka bilan ta’minlanishi zarur.
Xo‘sh, o‘quvchilar uchun xizmat ko‘rsatayotgan maktab oshxonalari bugun qay ahvolda?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari tomonidan maktablarda oshxonalarning tayyorgarligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, tayyorlash sharoitlarini o‘rganish bo‘yicha reyd tadbirlari amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonuni doirasida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida respublikadagi umumta’lim maktablarining 2023-2024 o‘quv yiliga tayyorgarligi o‘rganib chiqilgan. Jami 9 ming 978 ta umumta’lim maktablaridan 7 ming 39 tasida 2023-2024 yangi o‘quv yiliga tayyorgarligi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi ustidan nazorat o‘tkazilgan.
Joriy yilning bugungi kun holatiga ko‘ra, o‘rganilgan umumta’lim maktablaridan jami 5 ming 398 tasi foydalanishga tayyor holatga keltirilgan. 1 ming 612 tasida tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. 29 ta maktabda esa ta’mirlash, jihozlash va tayyorgarlik ishlari mutlaqo yo‘lga qo‘yilmagan.
Hududlar kesimida eng yaxshi tayyorgarlik Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ko‘rilgan.
– O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar va muammolarni bartaraf etish maqsadida umumta’lim maktablari rahbarlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan, – deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova. – Shuni alohida ta’kidlash lozimki, umumta’lim maktablarida sanitariya qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 2 ming 752 nafar mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy choralar (jarimalar) qo‘llanildi. 78 ta umumta’lim maktabi ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 1 ming 768 nafar ishchi-xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmagani sababli ishdan vaqtincha chetlashtirildi. Bugungi kunda aniqlangan kamchiliklarning o‘z vaqtida bartaraf etilishi qo‘mita tomonidan nazoratga olingan.
Aslida maktab o‘quvchilarining taomnomasi qanday bo‘lishi kerak?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bosh mutaxassisi Go‘zal Muhamedovaning ma’lum qilishicha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya-epidemiologik talablari sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosida tartibga solinadi.
O‘quvchilarga go‘sht va go‘sht mahsulotlari (I kategoriyali mol go‘shti, buzoq go‘shti, yog‘siz qo‘y go‘shti (haftada 1-2 martadan ko‘p emas), parranda go‘shti, kurka, quyon go‘shti, baliq, tovuq tuxumlari omlet yoki qaynatilgan holda tortiq etilishi kerak.
Menyudan sut va sut mahsulotlari (sut), pasterizatsiyalangan, sterillangan, quruq, quyultirilgan sut, quyultirilib-pishirilgan sut, tvorog, o‘tkir bo‘lmagan turdagi pishloq, termik qayta ishlanganidan so‘ng qaymoq, kefir (qattiq), yogurtlar, qizaribroq ivigan qatiq, bifidok va boshqa sut mahsulotlari va qaymoq joy olishi mumkin.
Qandolatchilik mahsulotlar (konfetlar zefir, qiyom, marmelad ma’qul), shokolad haftasiga bir martadan oshmasligi kerak. Qotirilgan kulcha non (galeta), pishiriq, kreker, vafli, keks (ta’m beruvchi moddalarsiz); pishiriqlar, tortlar (uvalanadigan xamirli va biskvitli, kremsiz); qiyom, murabbo, povidlo, korxonada qadoqlangan asal;).
Sabzavotlar (kartoshka, karam, gulkaram, sabzi, lavlagi, bodringlar, pomidorlar, qovoqcha (kabachki), kulchaqovoq (patisson), piyoz, chesnok (kichik maktab yoshidagi bolalar uchun cheklangan miqdorda), petrushka (kashnichsimon ko‘kat), shivit, selderey (kashnichsimon oshko‘k), tomat pastasi, tomat-pyure).
Mevalar (olma, nok, olxo‘ri, uzum, va bananlar; har kimning iste’mol qila olish qobiliyatiga qarab sitrusli (apelsin, mandarin, limon); quritilgan mevalar;). Sharbat va ichimliklar imkon qadar kichik qadoqda konservantlarsiz va qo‘shimcha moddalarsiz ishlab chiqarish turidagi vitaminli ichimliklar, kakao, choy va ichimlik suvdan tashkil topgan bo‘lishi lozim.
Konservalar (go‘shtli konserva; konserva ovqatlari (go‘shtli suyuq ovqat (rassolnik), mol go‘shtli karam sho‘rva, mol go‘shtli grechka kabi tabiiy mahsulotlar bo‘lmaganda istisno tarzida); losos (qizil go‘shtli baliq), sayra yog‘da, qovurilgan skumbriya balig‘i; sharbatlar, meva bo‘laklari, baqlajon va qovoqcha ikrasi; sterillangan pomidor va bodringlar.
Non, yorma, makaron mahsulotlari — barcha turlari cheklanmagan miqdorda.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining asosi sifatida sog‘lom ovqatlanishga doir keng tushuntirish ishlari olib borilishini tashkil etish, o‘quvchilarning sifatli va sog‘lom oziq-ovqatlar bilan ta’minlanishini nazorat qilish sog‘lom avlod shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA