O‘quvchilar va’da berdi
“...Vatanim tarixi, ajdodlarim urf-odatlarini bilishga, o‘qishni a’lo baholarga bitirib, kelajakda ona Vatanimga, xalqimga va Prezidentimga bilimli, sadoqatli, mard farzand bo‘lishga va’da beraman”.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida “Jasorat maktablari”ga qabul qilingan o‘quvchilar ana shunday haroratli so‘zlar bilan tantanali ravishda “Va’da berish” marosimida ishtirok etdi.
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi “Jasorat maktablari”ga qabul qilingan o‘quvchilarning tantanali “Va’da berish” marosimining asosiy tadbirlari Serjantlar tayyorlash oliy maktabida o‘tkazildi.
Marosimda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning hududiy rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etdi.
Joriy yilda belgilangan tartibda ikki bosqichli test sinovlari hamda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha imtihonlarida yuqori natijaga erishgan 416 nafar o‘quvchi “Jasorat maktablari”da o‘qishni boshladi. Har bir tuman va shaharda bittadan umumta’lim maktabida “Jasorat sinflari”da 26 nafardan o‘quvchi qabul qilindi. Ularga belgilangan tartib asosida aniq fanlar, ona tili va adabiyot, tarix, axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi. Shuningdek, ularning dars jadvalida harbiylashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari ham mavjud.
Tantanali marosimda o‘quvchilar ona Vatanga sadoqat, matonat va mas’uliyat ramzi sifatida va’da berishdi.
[gallery-31974]
– O‘zim ham harbiy xizmatda bo‘lib qasamyod qilganman, ammo bugungidek hayajonlanmaganman, – deydi pastdarg‘omlik Xurram G‘aniyev. – Nabiram Alibek Xurramov Pastdarg‘om tumanidagi “Jasorat maktabi”ga qabul qilindi. Bugun uning “Va’da berish” marosimida ishtirok etdim. To‘g‘risini aytsam, bobolar farzandlarining yutug‘idan ko‘ra, nabiralarning yutug‘idan ko‘proq xursand bo‘larkan. Nabiramning harbiy bo‘lishga qiziqishi bobo sifatida meni behad g‘ururlantiryapti.
“Va’da berish” bu shunchaki gap emas. Murg‘ak qalb bilan ona Vatanning, ota-ona va yaqinlar, ustozlarning unga ishonch bildirayotganini his etish insondan haqiqiy jasoratni talab etadi. Endigina 5-sinf o‘quvchisi bo‘lgan bu yoshlar hozirdanoq ana shunday jasorat bilan sharafli kasbni egallashga bel bog‘layotganining o‘zi ulkan mas’uliyat.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari