Oqtepa yanada obod go‘shaga aylanadi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Baliqchi tumanidagi Oqtepa mahallasida bo‘lib, aholi bilan muloqot o‘tkazdi, ularning muammo va tashvishlarini eshitdi.
Oqtepa tuman markazidan eng olisda joylashgan mahallalardan biri. Ayni kunda mahalladagi 700 dan ortiq oila tarkabida 2,5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Viloyat hokimi muloqotda mahalla ahlini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, fuqrolarning turmush farovonligini yuksaltirish, mahalla hududini obodonlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilishini, jumladan, mahallaning bosh rejasiga asosan, mavjud ko‘chalar shag‘allanib, beton qoplamasi bilan qoplanishi, elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinishi, aholi toza ichimlik suv bilan ta’minlanishi, shuningdek, mahalla hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish hamda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishini ta’kidladi.
[gallery-5487]
Shu kunning o‘zidayoq mahalla ko‘chalarini beton qoplamali yo‘lga tayyorlash, elektr tarmoqlarini yangilash ishlari boshlandi. Mahalla hududidagi eski bino o‘rnida 500 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladigan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona qurilishiga start berildi. Umuman, yaqin kunlarda hududda 100 o‘rinli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, qishloq vrachlik punkti, dorixona, turli maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ktlariga ega mahalla guzari qurilishini boshlash yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, mahalla hududidagi maktabga investitsiya dasturi doirasida 160 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv binosi, yangi mini stadion barpo etilishi ham belgilangan.
Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, kam ta’minlangan oilalar daromad manbaini shakllantirish, umuman, har bir oila daromadni oshirish maqsadida oilalarga boqish uchun asalari, tovuq, quyon va echki beriladigan bo‘ldi. Dastlab bu boradagi ishlarni namunali tashkil etish uchun beshta oila tanlab olindi. Shu kunlarda mahallada belgilangan qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari, quruvchilar erta tongdan qosh qorayguncha astoydil mehnat qilmoqda, mahalla ahli ularga kamarbasta bo‘lmoqda.
– Oilalarga ko‘mak berish maqsadida viloyat hokimi boshchiligida bir qator viloyat tashkilotlari rahbarlari mahallamizdagi har bir oilaning imkoniyat va sharoitlarini o‘rganib chiqyapti, degan gapni eshitib, ochig‘i ishonmagan edim, – deydi Oqtepa mahallasi Ishchilar ko‘chasida yashovchi, mehnat faxriysi Qodirjon Qobulov. – Qarang, bugun viloyat hokim xonadonimda bo‘ldi, men bilan suhbatlashib, dardlarimni eshitdi, oilamizga imkon qadar ko‘mak berishini aytdi.
Chekka-chekka hududlarga qaratilayotgan e’tibor, yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni bartaraf etish, mahallani obod go‘shaga aylantirish maqsadida boshlangan yuqoridagi kabi ishlar mahalla ahlini behad quvontirmoqda. Joriy yilda bu kabi obodonlashtirish ishlari Baliqchi tumanidagi 10 ta mahallada amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA