“O‘qimagan bo‘lsang ham guvohnoma olib beraman”
Beruniy tumanidan fuqaro R.R. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbariyati nomiga ariza bilan murojaat qilib, ushbu tumanda yashovchi “I” ismli shaxs unga o‘quv tashkilotida o‘qimagan bo‘lsa-da haydovchilik guvohnomasini olib berishini va’da qilib, evaziga 3.500.000 so‘m talab qilayotganligi haqida bildirgan.
Mazkur murojaatga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan hamkorlikda Beruniy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, “I” ismli shaxs fuqaro R.R.dan talab qilgan 3.500.000 so‘m pulni olgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 28-, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA