OPEC+: Neft faqat Hurmuz ochilsagina ko‘payadi
OPEC+ mamlakatlari neft ishlab chiqarishni oshirishga kelishib oldi. May oyi uchun kvota kuniga 206 000 barrelga yetkazilishi rejalashtirildi. Qaror hozircha amaliy xususiyatga ega emas, chunki asosiy muammo – Hurmuz bo‘g‘ozi yopiqligi saqlanmoqda. Mutaxassislar bu kelishuv “qog‘ozda qolishi”ni taxmin qilyapti.
Ayni payt global neft ta’minoti izdan chiqqan. AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi urush sabab dunyo neftining salmoqli qismi tashilgan Hurmuz bo‘g‘ozi qariyb yopilgan. Natijada narx 120 dollarga yaqinlashib, so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori darajaga chiqdi.
Asosiy ishlab chiqaruvchi davlatlar – Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt va Iroq ham hozircha hajmni oshira olmayapti. Sabab – infratuzilmaga berilgan zarbalar va logistika muammosi. Ayrim ob’ektlar dron va raketa hujumidan jiddiy zarar ko‘rgan. Rasmiylar, hatto, urush to‘xtasa ham avvalgi ishlab chiqarish miqdorini tiklash uchun oylar talab etilishini ta’kidlamoqda.
Tahlilchilar fikricha, bozorga qo‘shimcha neft chiqishi faqat Hurmuz qayta ochilgandagina amaliy ahamiyat kasb etadi. Hozirgi sharoitda esa bu qaror global narxga, deyarli, ta’sir qilmaydi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, urush sabab kuniga 12-15 million barrel neft bozordan chiqib ketgan. Agar noqulay vaziyat uzoq davom etsa, narx 150 dollardan ham ko‘tarilib ketishi mumkin.
OPEC+ energetika infratuzilmasiga hujumdan ham xavotir bildirdi. Bunday zararni tiklash qimmatga tushadi va ancha vaqt talab qiladi. Shu bois, bozordagi beqarorlik yaqin vaqtda saqlanib qolishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA