Onlayn xaridda iste’molchining huquqi qanchalik himoyalangan?
Bugun tovarni do‘konma-do‘kon yurib emas, telefonning bir necha tugmasini bosib xarid qilish mumkin. Ammo onlayn buyurtma qilingan tovar kutilganidek chiqmasa, pul qaytarilmasa yoki yetkazib berishda muammo yuzaga kelsa, iste’molchining huquqi qanday himoya qilinadi?
Raqobat qo‘mitasi tomonidan elektron tijoratda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati o‘rganilib, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlari tahlil qilindi.
2026-yilning o‘tgan davrida Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga chakana savdo, elektron tijorat hamda umumiy ovqatlanish sohalari bo‘yicha jami 6 ming 414 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1 230 tasi, ya’ni 19,2 foizi elektron tijorat sohasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu o‘rinda, murojaat qilgan iste’molchining huquqi amalda tiklanyaptimi, degan savol tug‘iladi. Qayd etilishicha, kelib tushgan murojaatlarning 704 tasi, ya’ni 57,2 foizi iste’molchi foydasiga hal qilinib, huquqlari to‘liq tiklangan. 453 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan, 33 tasi esa tegishliligiga ko‘ra boshqa vakolatli organlarga yo‘naltirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi yirik elektron savdo platformalari va muddatli to‘lov xizmatlariga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, Uzum Market bo‘yicha 446 ta, Uzum Nasiya bo‘yicha 184 ta, Alif Shop bo‘yicha 92 ta, Ishonch do‘konlar tarmog‘i bo‘yicha 69 ta, Yandex xizmatlari bo‘yicha 63 ta murojaat qayd etilgan.
Murojaatlarni tahlil qilish elektron tijoratda tizimli yechim talab qiladigan bir qator masalalar borligini ko‘rsatdi. Xususan, elektron tijorat ishtirokchilarini identifikatsiya qilish va axborot shaffofligini ta’minlash, elektron shartnomalar va muddatli to‘lov tizimini takomillashtirish, tovarlarni yetkazib berish hamda mablag‘larni qaytarish mexanizmlarini yaxshilash shular jumlasidandir.
Qo‘mita murojaatlarni faqat alohida holatlar bo‘yicha ko‘rib chiqish bilan cheklanmayapti. Kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilish orqali sohadagi tizimli muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqmoqda.
Nigora Rahmonova,
O‘zA