Onalarning nurli timsoliga aylangan san’atkor yodi
O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova xalqimizning jonkuyar onasi sifatida ko‘plarimizning qalbimizdan chuqur joy olgan ulug‘ san’atkorlardan biri edi.
Onalar timsoliga aylanib ulgurgan aktrisa 1936 yili 10 mart kuni Samarqandda tavallud topgan. San’atsiz hayotini tasavvur etmagan To‘ti opa avvallari Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti deb nomlangan oliy ta’lim dargohini tamomlab, 1957 yildan hozirgi kungacha O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritdi.
To‘ti opaning san’at yo‘lidagi sadoqati, jonfidoligi, o‘z-o‘ziga bo‘lgan talabchanligi, har bir roliga, har bir obrazga jiddiy yondashuvi xoh sahna asari, xoh badiiy kartina bo‘lsin, ularning mukammalligini, ta’sirchanligini ta’minlashda asosiy omil edi, desak yanglishmaymiz. Uning o‘zbek va jahon dramaturgiyasining eng sara namunalari asosida sahnalashtirilgan spektakllardagi rollari tomoshabinlar qalbidan joy olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
To‘ti Yusupova kino va teatrdagi samarali mehnati uchun “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.
Asar qahramonlari obrazini ijtimoiy-psixologik jihatdan teran ochib berish, uning xarakterini chuqur anglab tomoshabinlarga mahorat bilan yetkaza olish To‘ti Yusupova ijodining ustuvor jihatini tashkil etar edi. Ayajon sahnada, tele, radio spektakllarda, kinofilmlarda yuzdan ortiq rollarni maqomiga yetkazib ijro etgan to‘kis, mukammal san’atkor edilar.
Asar mazmunidan kelib chiqqan holda, goh shaddod, ba’zan mushfiqu mushtipar, gohi to‘pori va cho‘rtkesar, xullas turfa fe’l-atvorli ayollar obrazini yaratgan edi suyukli san’atkorimiz. Shunday bo‘lsa-da, baribir To‘ti Yusupova kuyinchak, jonfido, o‘zini ayamaydigan, uy-ro‘zg‘ori, farzandlari uchun o‘zini o‘tga cho‘qqa urishga, suv kelsa simirib, toshni kemirishga tayyor bo‘lgan millionlab o‘zbek ayollarining umumlashma timsoli bo‘lib qolaveradi.
N.Usmonova, O‘zA