Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir
Buxoroda 13-15-may kunlari Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi. “Ayollarga investitsiya – barqaror o‘sish asosi: xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda 20 dan ortiq xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati institutlari yetakchi ayollari ishtirok etdi.

2024-yilda Samarqandda o‘tgan birinchi forum Osiyoda bunday muloqot maydoniga qanchalik katta ehtiyoj borligini ko‘rsatgan bo‘lsa, Buxoro forumi uni doimiy platformaga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Chunki bugun xotin-qizlar imkoniyatlari kengaymas ekan, barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Shu jihatdan ushbu maydon global tahdidlarga qarshi kurashda ayollar birdamligining yorqin ifodasi bo‘lib, iqlim o‘zgarishi, kambag‘allik, tengsizlik va turli kamsitishlarga qarshi samarali yechimlarga faqat xotin-qizlarning faol ishtiroki orqali erishish mumkinligini isbotladi.
Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev murojaat yo‘llab, bugungi murakkab davrda xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi ishtirokini keskin oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ta’sirini kuchaytirish, ularning intellektual salohiyatidan unumli foydalanish dolzarb ekanini ta’kidladi. Mazkur forum esa, shubhasiz, kelgusida Osiyoda barcha darajada qarorlar qabul qilish jarayonida ayollarning rolini oshiradigan sermahsul muloqot maydoniga aylanadi.
Aslida xalqaro darajadagi bunday muloqot maydonini yaratish tashabbusi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan edi. Davlatimiz rahbari 2023-yilda Nyu-Yorkda o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zga chiqib, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirokini ta’minlash bugunning dolzarb masalasi ekanini qayd etib, BMTning xotin-qizlar tuzilmasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bu borada Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazishni taklif qilgandi.
Bunday tashabbusning ilgari surilgani bejiz emas. Dunyoda xotin-qizlarning roli, jamiyat hayotidagi ishtiroki yildan yilga oshib borayotgani bo‘lsa-da, bu jarayon juda qiyinchilik bilan amalga oshyapti. Masalan, dunyoda uch milliardga yaqin ayol hamon erkaklar bilan bir xil ish tanlash huquqiga ega emas. Gender tafovut esa 1990-yildan buyon 30 foiz darajada saqlanib qolyapti. Ishlayotgan xotin-qizlarga erkaklarga qaraganda 20 foiz kam maosh to‘lanyapti.
Besh milliardga yaqin aholisining qariyb yarmini ayollar tashkil etayotgan Osiyoda ham bu boradagi vaziyat quvonarli emas. Qit’aning ba’zi davlatlarida ayollarni siyosatga yaqinlashtirmaslik, kam ish haqi to‘lash, kamsitish, oila, ta’lim bilan bog‘liq “stereotip”lar hamon saqlanib qolmoqda. Ishsizlik erkaklarga qaraganda yuqori. Ish haqi to‘lash tafovuti esa ayrim davlatlarda 40 foizdan oshadi. Shu ma’noda, qit’amizda ham xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish dolzarb masalaga aylandi.
Ta’kidlash lozim, bu borada Yangi O‘zbekiston tajribasi dunyoga o‘rnak bo‘lyapti. Xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish mamlakatimiz islohotlarining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Gender tenglik borasida mustahkam huquqiy va institutsional poydevor yaratildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ayollar huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilishning institutsional kafolatlari mustahkamlandi. So‘nggi o‘n yilda bu yo‘nalishda 100 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, huquqiy baza mustahkamlandi.
Natijada yurtimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlikda 37, siyosiy partiyalarda esa 49 foizga yetib, O‘zbekiston bu borada xalqaro reytinglarda yetakchi mamlakatlar qatoriga kirdi. Jumladan, “Parlamentdagi ayollar” reytingida 193 ta mamlakat orasida 35-o‘ringa ko‘tarildi. Ayniqsa, xotin-qizlarning oliy ta’limdagi ulushi keskin oshdi. Bugun bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan xotin-qizlar ulushi 53 foiz, magistraturada 65 foiz, olima ayollar ko‘rsatkichi esa 60 foizga yetdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. O‘tgan yili 2,6 million nafar xotin-qizning daromadli mehnat bilan band bo‘lishiga ko‘maklashildi. Natijada O‘zbekiston joriy yilda “Ayol, biznes va qonun” xalqaro indeksida o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 190 ta davlat o‘rtasida 48-o‘rinni egalladi.
Albatta, ushbu yo‘nalishdagi barcha sa’y-harakatlardan maqsad ayolni baxtli qilish, jamiyatda ularga munosib sharoitlar yaratishdir. Chunki ayol baxtli bo‘lsa, oila, jamiyat baxtli bo‘ladi. Ta’lim-tarbiyali, vatanparvar, kelajagi porloq farzandlar ulg‘ayadi. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’kidlaganlaridek, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Go‘zal SAMIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati