Ona tilim, o‘zingsan buyuk!
Til — millat ko‘zgusi. Til — o‘zbegimning libosi, o‘zligimiz timsoli. Bugun butun dunyo o‘zbek tilimiz jozibasini, latofatini, ohangini baralla eshitdi, eshitmoqda. Har bir mamlakatning o‘z taraqqiyot yo‘li, xalqaro maydondagi o‘rni, rivojlanish tamoyillari o‘z milliy madaniyatiga jonkuyarligi, o‘z tiliga ko‘rsatgan yuksak ehtiromi orqali namoyon bo‘ladi.
Millatimiz fidoyisi Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”, degan so‘zlari ayni haqiqat ekanligini yaxshi anglaymiz.
1989 yil 21 oktyabrda, ya’ni hali sobiq tuzum mavjud bir paytda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi o‘zligimizni anglash yo‘lidagi ulkan jasorat bo‘lgan edi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zbek tilining davlat tili sifatida huquqiy maqomi aniq belgilab berildi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.

Kuni kecha Adiblar xiyobonida Bojxona instituti tashabbusi bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “Ona tilim, o‘zingsan buyuk!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, adabiyotshunos olimlar, shoir va aktyorlar ishtirok etib, o‘zbek tilining tarixiy ahamiyati, milliy yuksalish yo‘lidagi o‘rni to‘g‘risida iliq fikrlarini bildirdilar.

Tadbir davomida Bojxona instituti kursantlarining o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlashga qaratilgan she’riy chiqishlari namoyish etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA