O‘n yetti yilda birinchi bor shag‘allangan ko‘chalar
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Shahrixon mamlakatimizdagi aholisi o‘ta zich joylashgan tumanlardan biri ekanligini ta’kidlab, tumandagi muammolarni o‘rganish va ularni ijobiy hal etish, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Prezident topshiriqlaridan kelib chiqib, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat tashkilotlari, korxona va muassasalari, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari, Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari hamkorligida Shahrixonda aholini qiynayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan “Shaxrixonda zarbdor 10 kunlik” shiori ostida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tashkil etilgan Ishchi guruhlar tumandagi mahallalarda uyma-uy yurib, odamlarni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganmoqda. O‘rganishlar doirasida elektr energiyasi, gaz, toza ichimlik suvi ta’minoti, ko‘chalarni ta’mirlash, aholi bandligini ta’minlash, ko‘makka muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yakka-yolg‘izlarni ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqiladi.
- Zarbdor 10 kunlik doirasida olib borilayotgan ishlarda jamoamiz ham faol ishtirok etmoqda, - deydi viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i To‘lqinjon Qorayev. – Ko‘chalarni ta’mirlash, shag‘allashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shahrixon tumani hududida 1 ming 141 kilometr ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, shundan 225 kilometri tuproq qatlamli, shag‘allashtirilishi zarur bo‘lgan yo‘llar hisoblanadi. Viloyat yo‘lsozlari tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlashga kirishildi.
Jumladan, tumandagi Beshmahalla, Bayroq, Quruqsoy, Cho‘ja, Tumor, Qoziqo‘rg‘on mahallalarida 3,1 kilometr masofadagi ichki ko‘chalarga shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirildi.
– Bizning shu mahallaga ko‘chib chiqqanimizga 17 yil bo‘ldi – deydi, “Bayroq” mahallasi, Obod ko‘chasida yashovchi Xonzodaxon Ismoilova. – Shu yillar davomida ko‘chalarimiz xatto shag‘allashtirilmagan. Bolalarimiz maktab, bog‘chaga borgani hamisha qiynalar, qariyalarimiz esa qish mavsumida ko‘chaga chiqa olmasdi. Ayniqsa, yomg‘irli kunldarda ko‘chalarda suvlarning to‘planib qolishi odamlarga yurishda katta noqulayliklar tug‘dirardi.
Mahallamiz ko‘chalari shag‘allashtirilayotganidan behad xursandmiz. Buning uchun avvalo, Yurtboshimizga, qolaversa, viloyat hokimiga, yo‘lsozlarga mingdan-ming rahmat aytamiz.
Tumandagi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlariga viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tomonidan 8 ta avtogreyder, 8 ta zichlash texnikasi, 3 ta yuklagich hamda 120 nafar ishchi-xodimlar jalb etildi. Shuningdek, 200 ga yaqin transport vositasi shag‘al tashish ishlarida qatnashmoqda.
Shuningdek, tumandagi 48 ta mahallada 243 kilometr masofada suv quvurlari tortish, 27 ta yangi quduqni o‘rnatish, 37 ta quduqni ta’mirlash ishlari ham olib borilmoqda.
Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 36 milliard 939 million so‘m ajratilgan. Amalga oshirilayotgan ishlar yakuniga yetgach, tuman hududlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizga yetadi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA