Omonulla Fayzullayev o‘zbek faylasuflarining darg‘asi edi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida atoqli olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Beruniy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, falsafa fanlari doktori, professor Omonulla Fayzullayev tavalludining 105 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston faylasuflari assotsiatsiyasi va Turon Fanlar Akademiyasining O‘rtaturk tili xalqaro ilmiy tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Omonulla Fayzullayev (1921-2008) — taniqli o‘zbek faylasuf olimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi va Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati sifatida o‘zbek falsafa fanida yetakchi o‘rin egallagan zahmatkash olimlardan biri edi. U mamlakatimizda falsafa va tabiatshunoslik fanlari integratsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan serqirra olim hisoblanadi.
Anjumanda e’tirof etilganidek, Omonulla Fayzullayev milliy falsafa fanining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, o‘zbek falsafa fanini dunyoga tanitgan olimlardan biri edi.
Olim 1921-yil 4-mayda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1949-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining fizika-matematika fakultetining mexanika bo‘limini tamomlagan.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan Omonulla Fayzullayev "Jasorat" medali va bir qator medallar bilan taqdirlangan.
Anjumanda e’tirof etilganidek, Omonulla Fayzullayev shogirdlariga nihoyatda talabchan va qattiqqo‘l ustoz edi. Bu esa shogirdlarning ilm yo‘lidagi mashaqqatlardan cho‘chimay izlanishlar olib borishida va yutuqlarga erishishida asosiy omil bo‘ldi.
Olimning ilmiy izlanishlari asosan tabiatshunoslikning falsafiy muammolari va Markaziy Osiyo mutafakkirlari merosini tadqiq yetishga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir. O.Fayzullayev fizika va matematika asoslarini falsafa bilan bog‘lagan holda, materiya, harakat, fazo va vaqt kabi tushunchalarni falsafiy jihatdan tahlil qilgan. Ayniqsa, ontologiya va bilish nazariyasi masalalarida o‘ziga xos maktab yaratgan.
Ustoz Omonulla Fayzullayev Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy va boshqa buyuk allomalarimizning jahon fani rivojiga qo‘shgan hissasini falsafiy nuqtayi nazardan yoritib bergan. Uning bu boradagi ishlari o‘zbek ilmiy tafakkur tarixini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutadi.
Omonulla Fayzullayev fanning metodologik muammolari, xususan, ilmiy bilish usullari va ularning amaliyotdagi o‘rni haqida fundamental tadqiqotlar olib borgan. Olim “Bilim” jamiyatida bosh muharrir va turli ilmiy-texnika institutlarida rahbarlik qilib, ilmiy bilimlarni keng omma orasida yoyishga, fan va madaniyatni bog‘lashga katta hissa qo‘shgan.
Uning ilmiy merosi bugungi kunda ham falsafa va fan metodologiyasi bo‘yicha tadqiqotchilar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Anjumanda atoqli olim Omonulla Fayzullayev faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri