O‘monliklar Texnoparkda bo‘ldi
O‘mon Sultonligi Savdo sanoat palatasining Janubiy Ash-Sharqiya muhofazasidagi boshqarmasi raisi Anvar Hamid Al-Sananiy boshchiligida 30 ga yaqin tadbirkorlar delegatsiyasi Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Ma’lumki, Texnoparkda 20 dan ziyod loyiha yo‘lga qo‘yilgan. O‘monlik tadbirkorlar elektron gaz hisoblagich, muzlatgich, sanoat konditsionerlari va sovutish tizimlari, lift va eskalatorlar, suv nasoslari, izolyatsiya mahsulotlari, suv isitish uskunalari, oshxona texnikasi korxonalari, mis quvurlari va mis armaturalari, quyosh suv isitgichlari, sendvich-panellar, eshik va deraza romlari uchun aksessuarlar bilan yaqindan tanishdi. Bu tovarlar xorijiy brendlar nazorati ostida tayyorlanishi bois mintaqa bozorlaridan o‘rin egallayotgani e’tirof etildi.

Bu yerda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham mavjudligi, tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida logistika markazi tashkil etilgani biznes olami vakillariga manzur bo‘ldi.

O‘monlik mehmonlarga Texnoparkda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning afzalliklari haqida so‘zlab berildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA