Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun sud jarayonlarini yoritish bo‘yicha trening o‘tkazildi
18-19-may kunlari Nukus shahrida jurnalist, bloger va sudlar matbuot xizmati xodimlari uchun ommaviy axborot vositalarida sud jarayonlari va huquqiy masalalarni to‘g‘ri yoritish mavzusiga bag‘ishlangan ikki kunlik trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.
Dastur jurnalist va blogerlarning sudlar faoliyati hamda sud jarayonlarini to‘g‘ri, aniq va mas’uliyat bilan yoritish borasidagi ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi.
Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlarning sud majlislarida ishtirok etib, ushbu jarayonni xolis yoritishi sud tizimi shaffofligini oshirish, aholiga xolis axborot yetkazish hamda odil sudlov va aybsizlik prezumpsiyasi tamoyillarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Ishtirokchilar O‘zbekiston sud tizimining tuzilishi, sud faoliyatini yoritish va huquqiy jurnalistika o‘rtasidagi farq, shuningdek jamoatchilik manfaatlari bilan sud jarayonlarida ishtirok etayotgan shaxslarning huquqlari o‘rtasida muvozanatni saqlash masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, sessiyalar davomida jurnalistikaning axloqiy va huquqiy jihatlari, shu jumladan shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi, sud hokimiyatini hurmat qilish, tuhmat va tekshirilmagan axborot tarqatishning huquqiy oqibatlari muhokama qilindi. Bolgariyalik xalqaro ekspertlar sud hujjatlari bilan ishlash, dalillarni tekshirish va murakkab huquqiy mavzularni keng auditoriyaga tushunarli tilda yetkazish usullari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Treningning ikkinchi bosqichi 21–22 may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA