“Ombudsman maktabi” loyihasi amalda
Andijon viloyati Bo‘ston tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Yangi O‘zbekistonda mehnat munosabatlari, kambag‘allikni qisqartirish hamda xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyasi masalalari” bo‘yicha qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyati bo‘yicha vakili Gulnoraxon Abduvohidova, tuman hokimi Sanobarxon Nosirova, oila va xotin-qizlar bo‘limi mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, mahallalarda ish olib borayotgan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari, ichki ishlar profilaktika inspektorlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi vakili Gulnoraxon Abduvohidova hamda mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga mehnat munosabatlari, xotin-qizlar, bolalarning huquq va manfaatlari himoyasi, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlarning ahamiyati va mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan, shuningdek, rasmiy va norasmiy tarmoqlarda mavsumiy ish bilan band aholining mehnat huquqlarini tartibga solish masalalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha tumanda olib borilishi lozim bo‘lgan ishlar, monomarkaz faoliyati bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi.

Mashg‘ulotlarda mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, ehtiyojmand opa-singillarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, umuman, jamiyatda, inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarni samarali tashkil etish muhim ekanligi alohida qayd etildi.
Mavzu doirasida tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollarga ombudsman vakili va mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi. Mashg‘ulot ishtirokchilarning mehnat munosabatlariga oid bilim va tushunchalarini yanada boyitdi. O‘quv mashg‘ulotidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi vakili Gulnoraxon Abduvohidova sayyor qabul o‘tkazdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA