Oltinni qazib olish usulini bilasizmi?
2019 yilning 1 martidan boshlab qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida amalga oshirishga ruxsat berildi.
2019 yilning 1 martidan boshlab qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida amalga oshirishga ruxsat berildi.
Prezidentimizning 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida hukumat qarori bilan “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizomga muvofiq endilikda har yili 1 fevralgacha O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasi qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish uchun beriladigan yer qa’ri uchastkalari ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Guliston shahrida huquq-tartibot idoralari, mutasaddi tashkilotlar, aholi vakillari hamda yuridik va jismoniy shaxslar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shular haqida so‘z bordi.
Mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va buning uchun qulay sharoit yaratish, aholi farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratish bugunning eng muhim va dolzarb vazifalaridan ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur qarorning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. Belgilangan chora-tadbirlarga qaramasdan mamlakatning ayrim hududlarida ijtimoiy tanglikning kuchayayotganligi, jumladan, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish holatlari davom etayotganligi bilan bog‘liq kriminogen vaziyat yomonlashgani, buning asosiy sababi miqdor va sifat jihatidan sanoat usulida qazib olish ob’ekti hisoblanmaydigan yer qa’ri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulda qazib olish bilan qonuniy shug‘ullanish imkoniyatining mavjud emasligi yuzasidan fikr almashinildi.
– Amaldagi qonunchilikda, yer qa’ri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulida qazib olish bilan shug‘ullanishga ruxsat etilmaydi, – deydi Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Inomjon Qudratov. – Biroq, tekin daromad topish mumkin bo‘lgan joyda qonun buzilmasligiga kim kafolat beradi? Shu o‘rinda Prezidentimizning 2018 yil 26 noyabrdagi “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida sohadagi mavjud ana shu muammo va kamchiliklarni bartaraf etish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, 2019 yilning 1 martidan boshlab qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida amalga oshirishga ruxsat beriladigan bo‘ldi.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish bilan shug‘ullanishni istagan yuridik va jismoniy shaxslarga yer qa’ri uchastkalari, shu jumladan, o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan maydonda sochma oltin konlari taqdim etiladi. Buning uchun ular “E-IJRO AUKSION” maydonchasida o‘tkaziladigan elektron-auksion orqali olinadigan litsenziyaga ega bo‘lishlari lozim. Tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladigan yer qa’ri uchastkalari ro‘yxati esa har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlab boriladi.
Ishtirokchilar mazkur qaror ayni paytida qabul qilingani, bu aholini ish bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
– Prezidentimiz qarorining mazmun-mohiyati sodda holda tushintirib berilgani ayni muddao bo‘ldi, – deydi tadbirkor Sayyora Asatullaeva. – Ayniqsa, qarorda propiskadan qat’iy nazar “E-IJRO AUKSION”i orqali 3 yil muddatga uchastka sotib olish mumkin ekanligi meni juda qiziqtirib qo‘ydi. Qazilma boyliklarni nosanoat usulida qazib olishni hamda qazib olingan qimmatbaho metallarni “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat unitar korxonasiga, shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda realizatsiya qilish imkoniyati men kabi tadbirkorlarga katta imkoniyat eshigini ochadi.
Tadbirda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.