Oltinko‘lda ipak qurti boqishga kirishildi
Joriy yilda Oltinko‘l tumani pillakorlari tomonidan 181 tonnadan ziyod «kumush tola» xirmonini yaratish rejalashtirilgan.
Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri, qolaversa, yengil sanoatning muhim xomashyosi hisoblanadi. Shu bois ham yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ipak qurti boqish, pillachilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan Oltinko‘l tumanida joriy yilda 3 ming 237 quti ipak qurti parvarishlanib, 181 tonna pilla xomashyosi yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Tumandagi 8 ta markazlashgan inkubatoriya tanlab olinib, 12-16 aprel kunlari urug‘lar qo‘yilgan edi. Parvarishga tayyor bo‘lgan ana shu urug‘lar kuni kecha tumandagi Namuna, Ashurov hamda Andijon massivlaridagi pillakorlarga yetkazib berildi. Ya’ni 270 nafar pilla yetishtiruvchiga 300 quti ipak qurti tarqatildi.

Umuman, tumanda pilla yetishtirish bo‘yicha belgilangan barcha ishlar reja asosida olib borilmoqda. Hozirga qadar 2 ming 600 nafar ipak qurti boquvchi bilan kelishuvlar tuzildi. Ular tomonidan so‘kchaklar tayyorlanib, ipak qurti parvarishi bo‘yicha barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish choralari ko‘rildi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA